“Bakhmal fruit growing” fermer xo‘jaligida

Baxmal olmalari bugungi kunda nafaqat Respublikamizda, balki dunyo miqyosida ham o‘z xaridorlarini topib ulgurgan. Biroq so‘nggi yillarda tumanda kuzatilayotgan suv tanqisligi muammosi olma bog‘larining samaradorligi va tuman aholisining daromadlariga o‘zining salbiy taʼsirini ko‘rsatmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan zamonaviy sug‘orish usullariga bo‘lgan talabni yanada ortishiga sabab bo‘lmoqda. Gidromelioratsiya fakulteti “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” taʼlim yo‘nalishi 307-guruh talabalari Аzizbek Hasanov va Jahongir Muxtorovlar hamda ularning guruh murabbiyi Sanobar Do‘stnazarova Baxmal tumanida 57 ga maydonda olma va gilos bog‘larini tashkil etgan “Bakhmal fruit growing” fermer xo‘jaligiga tashrif buyurishdi.

Ushbu fermer xo‘jalik hisobidagi bog‘lar o‘tgan yillar mobaynida to‘liq zamonaviy sug‘orish usullariga o‘tgan. Eng eʼtiborga loyiq jihati esa 2020-2021 o‘quv yilida koronavirus pandemiyasi tufayli darslar online rejimga o‘tkazilgan vaqtda “Innovatsiya” guruhi iqtidorli talabasi Jahongir Muxtorov online darslarni o‘zlashtirish bilan bir vaqtda “Bakhmal fruit growing” fermer xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish tizimini o‘rnatish va ishlatish jarayonlarida ham faol ishtirok etgan. Fermer xo‘jaligi raisi Kenjaboy Orziqulov tomchilatib sug‘orish tizimini loyihalash va ishlatishda mahalliy mutaxassis kadrlarga ehtiyoj sezayotganini hamda aynan “Innovatsiya” guruhi talabalari uchun fermer xo‘jalikda ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.

Shuningdek, yosh bo‘lishiga qaramasdan nazariy bilimlarini va amaliy yordamini fermer xo‘jaligi xodimlaridan ayamayotgan Jahongir Muxtorovga hamda ushbu talabaga bilim berib kelayotgan institut rahbariyati va professor-o‘qituvchilariga Kenjaboy Orziqulov o‘zining minnatdorchiligini bildirdi.

 

Gidromelioratsiya fakulteti 307-guruh talabasi Аzizbek Hasanov axboroti

TIQXMMI matbuot xizmati