Qumqo‘rg‘on agrosanoat texnikumida 2021-yil 9-fevralda Buyuk san’atkor – Inson qalbi va aqliga teran ta’sir o‘tkaza olgan ruh allomasi, o‘zbek millatining misilsiz dahosi Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlab tadbir o‘tkazildi. Ma’naviy–ma’rifiy tadbirni Qumqo‘rg‘on agrosanoat texnikumi O‘TIBDO‘ N. Bekqulova olib bordi va tadbir ishtirokchilarini tabriklash uchun so‘zni texnikum direktori A. Gapparovga berdi. U hozirgi kunda ma’naviyatimizni asrash uchun, avvalambor, shu yurtda yashayotgan har qaysi inson o‘zligini anglashi, qadimiy tariximiz va boy madaniyatimiz, ulug‘ ajdodlarimizning merosini chuqurroq o‘zlashtirishi, tez rivojlanayotgan bugungi hayot voqeligiga ongli qarab, mustaqil fikrlashi va diyorimizdagi barcha o‘zgarishlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashamog‘i zarurligini ta’kidladi.
Tadbirning birinchi shartida o‘quvchilar tomonidan aytilgan bir-birini takrorlanmagan ma’lumotlar, prezentatsiya(taqdimot) namoyishi, tomoshabinlarning zavq bilan olqishlariga sazovor bo‘ldi. Tadbir davomida o‘quvchilar Alisher Navoiyning adabiy-badiiy merosi va g‘azallaridan namunalar o‘qib, Navoiy asarlari asosida sahna ko‘rinishlari hamda “Tanovar ” raqsini ijro etishdi. Ayniqsa, tadbirning “Bahr-u bayt” va savol-javob mavzuidagi bahs-munozara sharti juda qizg‘in o‘tdi. Navoiy merosi ummondir. Uni faqat tavallud kunlarida ma’lum bir soat va oylardagina o‘rganish ummondan bir qatradir xolos. Navoiy ijodini o‘rganishni har daqiqa, har soniya to‘xtatmasligimiz lozim.
TIQXMMI matbuot xizmati