Isroillik yetakchi mutaxassisning online ma’ruzasi

9-sentyabr Toshkent vaqti bilan 11:00 da irrigatsiya va suv xo‘jaligi yo‘nalishida faoliyat olib boruvchi tashkilotlar xodimlari, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda talabalari uchun Isroil davlatining yetakchi mutaxassislaridan muhandir-ekspert Lev Yakov tomonidan “Intensiv dehqonchilikda bosimli sug‘orish tizimlarining ishlashi” mavzusida Zoom platformasi orqali ma’ruza tashkil etildi.

Ma’ruzada Markaziy Osiyo mamlakatlari va O‘zbekistonda cheklangan suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy va ilg‘or texnologiyalarga umumiy nuqtai nazar, xususan, bosimli sug‘orish uskunalarining ishlashi, tomchilatib sug‘orish uchun sug‘orish suvini tayyorlash, filtrlash tizimlari, o‘g‘itlash, o‘g‘itlarni sug‘orish tizimlari orqali qo‘llash yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis tomonidan qimmatli ma’lumotlar berildi.

Ma’ruzada Suv xo‘jaligi vazirligi, xavza boshqarmalari va tuman irrigatsiya bo‘limlari xodimlari bilan bir qatorda Gidromelioratsiya fakulteti “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” ta’lim yo‘nalishi 407-guruh talabalari “Gidromeliorativ tizimlardan foydalanish” kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda ishtirok etishdi. Ma’ruza aynan bugungi kunda dolzarb bo‘lib kelayotgan mavzuda tashkil etilganligi hamda eng so‘ngi ma’lumotlar va yangiliklarni o‘z ichiga olganligi bois barcha tinglovchilarda qiziqish uyg‘ota oldi. Ma’ruza yakunida esa qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga muhandis-ekspert Lev Yakov tomonidan javoblar berildi.

 

 

TIQXMMI matbuot xizmati