8 noyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida institut rahbariyati va Hindistonning Manipal universiteti delegatsiyasi o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda TIQXMMI rektori prof. U.Umurzakov xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor prof. A.Saloxiddinov va fakultet dekanlari hamda Hindiston tomonidan Manipal universiteti xalqaro hamkorlik departamenti direktori A. Sharma va AIC MUJ inkubatsion jamg‘armasi rahbari Yu.Sharma ishtirok etdilar.
Mazkur uchrashuv Hindistonning Manipal universitetlar guruhi va O‘zbekistonni Xindistondagi elchixonasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi tomonidan boshlangan harakatlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Uchrashuv davomida TIQXMMI rektori prof. O‘.Umurzakov O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimida, shu jumladan institutda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, shuningdek, o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan harakatlar hamda ustuvor maqsadlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Doktor A.Sharma Manipul universitetlar guruhi faoliyati hamda mazkur tashrif va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish maqsadlari to‘g‘risida batafsil to‘xtalib, O‘zbekiston, jumladan TIQXMMI bilan oliy ta’lim va ilmiy faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish maqsadidagi takliflarni o‘rtaga tashladi.
Ikki tomon vakillari o‘zaro manfaatlarga mos keluvchi qator yo‘nalishlarni belgilab, tezkor harakatlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishib olindi. O‘zaro manfaatli hamkorlikni dastlabki bosqichida:
A) oliy ta’lim sohasida professor o‘qituvchilar va talabalar almashinuvi, professor o‘qituvchilarning stajirovkasi va almashinuvi dasturlari, hamkorlikda o‘quv materiallari va vositalarini yaratish, magistratura bosqichida hamkorlikdagi qo‘shma dasturlarni amalga oshirish kabi yo‘nalishlar belgilab olindi;
B) ilmiy faoliyat sohasida – qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ilmiy seminar va anjumanlar o‘tkazish, hamkorlikda ilmiy maqolalar chop etish va ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash kabi yo‘nalishlar belgilab olindi.
Uchrashuv qatnashchilari tomonidan har bir oliy ta’lim muassasasining muayyan kuchli tomonlari o‘zaro manfaatli hamkorlik va integratsiya asosida har ikki tomonning yanada jadalroq rivojlanishiga turtki bo‘lishi e’tirof etildi. Har ikki tomondan mas’ul xodimlar belgilanib o‘zaro harakat rejalari kelishib olindi.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov