Har kuni ertalab madhiyamiz yangragan holda yangi kunni kutib olamiz, Vatanimizning asosiy qo'shig'i bizga milliy g’urur, ruhiy quvvat, mustahkam iroda baxsh etadi. Bundan 27 yil oldin qabul qilingan davlatimiz madhiyasi hamon qalbimizda mangu jaranglaydi, chunki u mehrdan yaralgan manguligimizning muhridir. Abdulla Oripov so’zi va Mutavakkil Burhonov musiqasi bilan yaratilgan madhiyamiz bugun jahon arenalarida, turli musobaqalarda, muhtaram prezidentimizning taklif va tashriflarida, turli xalqaro siyosiy tadbirlarida jaranglayotgani ham g’ururimizdir.
Ana shu qutlug’ sana munosabati bilan institutimizda O’zbekiston Milliy gvardiyasi qoshidagi 89071 – sonly harbiy qism zobitlari bilan tashkil etilgan ma’rifiy tadbir jonli va qiziqarli tarzda bo’lib o’tdi. Tadbir avvalida xizmat xodimlari harbiy texnikamiz xususan, turli qurollarning namoyishini qilib ularning ishlatilishi borasida talabalarimizga tushunchalar berishdi. So’ngra talabalarimiz bilan liq to’la bo’lgan zalda barcha jamuljam bo’lishdi. Shu zahoti barcha o’ng qo’lini ko’ksiga qo’ygancha jonli ravishda madhiyamizni kuylab jo’r bo’lishdi.
Jonajon madhiyam – qalbim qo’shig’i, tinch-farovon yutimda baralla yangrayver, doim, har qachon degan istak barchaning til uchidan emas, balki dil tubidan yangradi.
So’ngra 89071 – sonli harbiy qism komandirining o’rinbosari, “O’zbekiston belgisi” ko’krak nishoni va “Jasorat” medali sohibi mayor Umid Hasanov “Madhiyam - yurtimning mangu qo’shig’i” mavzuida ma’ruza qildi. Talabalarning savollariga to’la javob berdi.
Institut Yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektor R. Choriyev “Vatanimiz ramzlariga bo'lgan chuqur hurmat va uni ardoqlashlarini ko'rib yoshlarimizning ertangi kunga ishonchi va e’tiqodi yanada mustahkamlanadi, deya o’z fikrlarini yakunlab ishtirokchi zobitlarga institut ma’muriyati nomidan minnatdorchilik bildirdi.
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov