Safarimiz zafarimizga aylandi

Birinchi kun taassurotlari

Har qanday sayr-u sayohat va safar muayyan maqsadlarni, ro‘yobga chiqarish bobida imkoniyat. Qashqadaryo viloyatiga TIQXMMI prorektori Ruzimurat Choriyev boshchiligida institutimizning iqtidorli, faol yoshlari bilan uyushtirilgan ijodiy safar ana shu maqsadga yo‘naltirildi. Ular 9-aprel kuni soat 16.00da poytaxtning shimoliy vokzalidan jo‘naydigan Toshkent-Nasaf reysi bo‘yicha poyezdga chiqishdi. 50 dan ziyod talabaning xursandchiligi cheksiz, kayfiyati ko‘tarinki. Ular o‘z qobiliyati va qiziqishidan kelib chiqqan holda, vagonda o‘yin - kulgini boshlab yuborishdi. Kimdir gitara chalib qo‘shiq aytsa, kimdir doira jo‘rligida raqsga tushardi, boshqa birov esa ulug‘ shoir Abdulla Oripovning she’rlaridan o‘qib davraga fayz kiritardi.

Xushchaqchaqlik, ayricha zavq - shavq bilan Qarshiga yetib kelganlarni ham sezmay qolishdi. Qarshi vokzalida jamoamizni tayanch institutimining Qarshi filiali direktori Muqimov Zafar Majlisovich pedagogik jamoasi va talabalari bilan karnay- surnay sadolari ostida kutib olishdi. Zum o‘tmay talabalarimiz turnaqator bo‘lib yengil avtomobillarda institutimizning Qarshi filialini yotoqxonasi tomon yo‘l olishdi. Shinam, ozoda va qulay yotoqxona jamoamizni o‘z bag‘riga oldi. Ertasiga ertalab nonushta qilish uchun talabalar oshxonasiga borildi. Abdulla Oripov ijodini ommalashtirish, asarlarini keng targ‘ib qilish vazifasi yuklatilgan, institutimiz jamoasining keng qamrovli faoliyati tahsinga loyiq.

Safardan ko‘zlangan maqsad ham ulug‘ shoirimizning tug‘ilgan qishlog‘i, yashagan uyi va o‘qigan maktabini talabalarga ko‘rsatib ularda kengroq taassurot hosil qilishdan iborat. Navbatdagi kun taassurotlari bilan keyinroq tanishtiramiz. Shuni alohida e’tirof etish joizki, yutuqlarimiz garovi institut yoshlar yetakchisi talabalarni xavfsiz harakatlanishini ta‘minlayotgani va ularni faollikga chorlashi, ayni paytda Institut Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi hamda institut rektorining tashkiliy ishlarda amaliy yordamni ayamaganlaridir.

 

TIQXMMI matbuot xizmati