Ulug‘ ustozning qutlug‘ yodi

Vaqt hamma narsani davolaydi, deydilar. Bir odam olamdan o‘tar ekan, ortida qolgan yaqinlarining qalbidagi ayriliq dardi ham yillar o‘tib, engillashadi. Ba’zilar esa bir necha yillardan so‘ng butunlay unut bo‘lib ketadi. Ammo shunday insonlar borki, ularning vafotidan keyingi sog‘inch vaqt o‘tishi bilan nafaqat unutilmaydi, balki kun sayin kuchayib, borgan sari chuqurlashib boradi.

Ana shunday ustozlarimizdan biri “Elektrotexnologiyalar va elektr jihozlaridan foydalanish” kafedrasi texnika fanlari doktori professor A.Radjabovning tavalludining 75 yilligi munosabati bilan institutimizda seminar va xotira oshi tashkil etildi. Tadbirda A.Radjabovning safdoshlari, oila a’zolari, hamqishloqlari, yaqin do‘stlari va shogirdlari hamda talaba-magistrlar qatnashishdi. Tadbirni moderator sifatida institut dotsenti R.Jumaniyozov boshqarib bordi. Dastavval, so‘z institutimiz rektori i.f.d. professor Umurzakov O‘ktam Pardayevichga berildi. SHundan keyin abdurahmon akaning do‘stlari, hamkasblari va shogirdlari ustozni xotirlab so‘zga chiqishdi.

Jumladan,  “Elektrotexnologiya va elektr jihozlaridan foydalanish” kafedrasi professori t.f.d. A.Muhammadiyev, shu kafedra dotsenti t.f.n. M.Ibragimov va shogirdlari t.f.d. professor A.Yusubaliyev, magistr D.Akbarovlar ustoz to‘g‘risida ko‘plab ijobiy fikrlar berib o‘tishdi. Mehmonlardan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy tadqiqot instituti ilmiy ishlar va inovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari t.f.d. professor M. Toshboltayev, sobiq suv xo‘jaligi vaziri R.Ginyatulin, professor SH. Nurmatovlar o‘zlarining A. Radjabov to‘g‘risidagi yodda qolgan esdaliklarini so‘zlab berishdi.

Shuningdek, ukalari Abdujabbor Radjabov, qizlari Lobar Amonovalar xam so‘zga chiqib eng ta’sirchan xotiralarini o‘rtoqlashdilar. So‘ngra barcha institut oshxonasidagi jihozlangan dasturxonga taklif etildi. U erda Abdurahmon Radjabovni yodlab ehson oshi tarqatildi.

TIQXMMI  matbuot xizmati