Yoshlar ma‘naviyatini yuksaltirishda eng muhim omillardan yana biri – tarixiy xotira – ajdodlarga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi bo‘lib, o‘tganlar xotirasini yodda saqlagan holda, eʼzozlab yashash demakdir. Yoshlarni shunday anʼana ruhida tarbiyalash, Vatanimiz tarixi bilan qurollantirish ma‘naviyat va milliy mafkurani shakllantirish sohasidagi kechiktirib bo‘lmas vazifa ekanligi shubhasiz. Bu borada institutimizda ham keng miqyosda samarali ishlar amalga oshirib borilmoqda.
«Irrigatsiya va melioratsiya» kafedrasi dotsenti Аdham Mamataliyev rahbarligida «Suv xo‘jaligi va melioratsiya» taʼlim yo‘nalishi 402-guruh talabalari Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrifni amalga oshirdilar. Tashrifdan maqsad talabalarni Аmir Temur va temuriylar davridagi ilm-fan, maorif va madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyoti, tarixiy yutuqlarimiz, anʼanalarimiz bilan tanishtirish, bu sohadagi tasavvurlarini boyitishdan iborat edi.
Muzeylar ma’naviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ularda saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir qo‘lyozmalar, hujjatlar avlodlarga tarixdan, ajdodlarimiz hayoti, yuksak maʼnaviyatidan hikoya qiladi. Bu esa yoshlar qalbida ota-bobolarimiz qoldirgan merosga hurmat va muhabbat uyg‘otish bilan birga, ularda shu aziz Vatanga munosib farzand bo‘lish tuyg‘usini ham shakllantiradi.
Temuriylar tarixi davlat muzeyi 1996 yilda Sohibqiron Аmir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan bunyod etilgan bo‘lib, yosh avlodni boy tariximiz, milliy qadriyatlarimizga hurmat-ehtirom va Vatanimizga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qilib kelmoqda. Talabalar muzey eksponatlarini maroq bilan tomosha qildilar. Bu tashrif talabalarda katta taassurotlar qoldirdi.
TIQXMMI matbuot xizmati