Navoiy va Boburni anglay olayapmizmi?

Shu kunlarda so‘z mulkining sultoni, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 537 yilligi keng nishonlanmoqda. Joriy yilning 15 fevral kuni “Yer resurslarini boshqarish” fakulteti talabalari joylashgan 1 - talabalar turar joyida Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova tashabbusi bilan “Navoiy va Boburni anglay olayapmizmi”? shiori ostida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda “Gumanitar fanlar” kafedrasidan katta o‘qituvchilari M.Hakimova, N.Raxmonberdieva, X.Botirova, B.Mamadaminovalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.

 

Ta’kidlash joizki, Navoiy va Bobur ijodi turkiy adabiyotning eng yuksak cho‘qqisidir. Navoiy turkiy til asosida betakror bog‘ yaratib, dunyo ahlini hayratga solgan bo‘lsa, Bobur shu turkiy nazm gulshanidagi bepoyon bog‘ni chin ma’noda bo‘stonga aylantirgan va hind yurtida ham ijodkorlar rahnamosi bo‘lgan. Shu bois ular ijodi hamon qunt bilan o‘rganilmoqda. Hazrat Bobur haqida dunyo olimlari turli janrda 12 mingdan ziyod katta-kichik asar yozgan. Navoiy yaratgan jami 34 asarning har biri haqida yuzlab tadqiqotlar qilingan, dissertatsiya va monografiyalar yozilgan. Aslida, bobolarimizning har misra bitigi bir tadqiqot bo‘la oladi. Shoir bobolarimiz abadiyatining siri, asarlari qimmati nimada, nega ular fikrlari va o‘gitlari barcha davrlar uchun ham dolzarb bo‘lib qolaveradi, ikki alloma shoirimiz shaxsini, asarlari badiyatini bugun qay darajada tushunayapmiz, anglab yetayapmiz, boy adabiy merosi, ayniqsa, asarlari qo‘lyozma matnlarini, nechog‘li o‘rgandik, ular asosida qanchalik mukammal ilmiy nashrlar tayyorlayapmiz, asarlarini o‘qitish va targ‘ib etish bo‘yicha qanaqa masalalar bor, degan savollarga biroz bo‘lsada javob izlab ko‘rishni maqsad qilganmiz.Navoiyshunoslik va boburshunoslikdagi bugungi muammolar haqida so‘z borar ekan, dastavval matnshunoslik bilan bog‘liq holatlarga e’tibor qaratamiz.

Jonli muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatidan  talaba-yoshlar mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.

YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov