Ma'lumki, yoshlarimizni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkur va mustaqil fikrga ega insonlar etib tarbiyalashda teatr san’atining o‘rni beqiyos. “Irrigatsiya va melioratsiya” kafedrasi dotsenti Adham Mamataliyev rahbarligida "Gidromelioratsiya" fakulteti 2-kurs 202-guruh talabalari O‘zbekiston davlat drama teatriga tashrif buyurishdi. U yerda yaqinda 90 yillik yubileyi munosabati bilan Toshkent shahrida haykali o‘rnatilgan buyuk adib Chingiz Aytmatovning “Jamila” nomli asari asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish etildi. Talabalar spektaklni zo‘r qiziqish bilan tomosha qilishdi. Asarda beg‘ubor, pokiza muhabbat asosida inson erki va huquqi, asriy odatlarga faol munosabat ko‘rsatildi, urushga la’nat o‘qildi, sof muhabbatni ko‘klarga ko‘tarib qasida o‘qildi. Asar qahramonining o‘z baxti, muhabbati yo‘lidagi jasorati ko’rsatildi. Bu tashrif talabalarda katta taassurot uyg‘otdi, mushohadaga chorladi. Bu taassurotlar ularni teatrga bo‘lgan mehrlarini yanada yuksaltirgan bo‘lsa ajab emas. Shu o‘rinda talabalarning bu tashrif uchun institut rahbariyatidan benihoya minnatdor bo‘lganliklarini aytib o‘tmoqchimiz.
Dotsent Adham Mamataliyev axboroti
Institut matbuot kotibi: Rahimboy Jumaniyozov