Ellik bir yil davomida sanʼatning yoʻlini tutib, tuzini totib yurish asnosida elning eʼtibor-u ehtiromiga tushish nasib etgan sanʼatkor Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Muhammadjon Shokirov oʻzbek musiqa sanʼatida alohida oʻringa ega. Institutimizda tashkil etilgan “Garmon – dilga armon, jonga darmon” deb nomlangan ijodiy muloqotda Muhammadjon aka oʻz shogirdi isteʼdodli xonanda Gulnoza Karimova bilan ishtirok etdilar.
Ular oʻz sanʼatlarini institut ahliga namoyish etib yana bir bor olqishga sazovor boʻlishdi. Dastavval, ustoz Rahimboy Jumaniyozov moderator sifatida davra ahliga bugungi mehmonlarni tadbir ishtirokchilariga tanishtirib oʻtdilar. Muhammadjon akaning “Bahor” ansamblida oʻz faoliyatini boshlagani, 50 ga yaqin xorij davlatlarida oʻzbek sanʼatini namoyish etishda qatnashgani haqida maʼlumot berdi. Shundan soʻng tadbir mehmoni Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Muhammadjon Shokirov oʻz shogirdi Gulnozaxon bilan oʻzbekcha va hindcha qoʻshiqlardan ijro etib davraga fayz kiritdi.
“Meni garmon bilan tasavvur etishadi, - deydi Muhammadjon aka Shokirov, - shuning uchun ham menga Muhammad garmon deb laqab qoʻyishgan. Garmon orqali xalqqa tanildim. Raj Kapur bilan uchrashganimda unga shlyapani boshga qoʻndirgan holda, garmonni qoʻlimga olib, ”Janob 420“ va ”Daydi“ badiiy filmlaridan ayrim qoʻshiqlarni ijro etdim. U oʻz aksini koʻzguda koʻrgandek shodlanib qiyofadoshini oʻzbek sanʼatida koʻrgandan benihoya mamnun boʻlgandi oʻshanda. Mashhurlar bilan muloqot qilib mashhur boʻldim. Oʻzbekiston xalq artisti Ergash Karimov yangi yildan televizion miniatyuralar teatri hajviy koʻrsatuvi bilan chiqamiz. Shunga mos holda, musiqiy shapka kerak, bastakorlarga aytsam, 2-3 oydan keyin tayyorlab beraman, - deyishayapti, siz tayyorlab bera olasizmi, qancha muddatga, deb soʻradi. Men bir kunda hal etaman, dedim va vaʼdamni bajardim. Ergash aka xursand boʻldilar. Men ham Televizion miniatyuralar teatrining chiqishi bilanoq yangraydigan musiqaning bastakori sifatida tohanuz gʻururlanib yuraman.” Muhammadjon akaning ushbu mulohazalari intilganga tole yor maʼnosida barchani ruhlantirib yubordi. Tadbir mazmundor va qiziqarli tarzda oʻtdi.
“Gumanitar fanlar” kafedrasining oʻqituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov