Yangi zamon, yangi makon shukuhi

    Maʼlumki, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Аdminstratsiyasining 2020-yil 27-oktyabrdagi 02-3041-son bilan tasdiqlangan “Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka “mahallabay” yetkazishni tashkil etish chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi 7-sonli majlis bayonida koʼzda tutilgan ishlarni bajarish maqsadida hududlarda “Yangi Oʼzbekiston - yangicha dunyoqarash” mavzusida tadbirlar tashkil etilmoqda. TIQXMMI Gidravlika va gidroinformatika kafedrasining bir qator professor-oʼqituvchilari joriy yilning 16-noyabr kunida Oʼrta Chirchiq tumanidagi “Kim Pen Xva” MFY hududidagi 59-umumiy oʼrta taʼlim maktabida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdilar. Tadbirda, Kim Pen Xva mahallasi aholisi vakillari, nuroniy otaxon va onaxonlar, tuman hokimligi vakillari, xotin-qizlar kengashi aʼzolari, maktab oʼqituvchi va oʼquvchilari, hamda bir qator faollar qatnashdilar. Mazkur tadbir Oʼzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi bilan boshlandi. Tadbir oʼta koʼtarinki kayfiyatda va karantin qoidalariga rioya qilgan holda oʼtkazildi. Tadbirning ochilishida “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi mudiri, prof. А.Аrifjanov soʼzga chiqib yurtimizda keyingi yillarda olib borilayotgan ijtimoiy, iqtisodiy hamda siyosiy sohalardagi islohotlarning tub mohiyati haqida tadbir ishtirokchilariga yana bir bor gapirib oʼtdilar. Maʼruzachi keyingi yillarda yurtimizda koʼpgina sohalarda qoʼlga qiritilayotgan ulkan yutuqlarga alohida-alohida toʼxtab oʼtdi. Taqdimot bilan boyitilgan ushbu maʼruza tinglovchilarda katta taassurot qoldirdi.


Tadbirda 59-maktab direktori B.А.Imarova, Kim Pen Xva MFY raisi L.А.Shinlar xam oʼz maʼruzalari bilan ishtirok etishdi. Tadbir badiiy qismga ulanib ketdi. Badiiy qismda Oʼrta Chirchiq tumani badiiy havaskorlari va 59-maktab badiiy toʼgaraklarining ishtirokchilari hamda bir qator sportchi yoshlar oʼz chiqishlari bilan yigʼilganlarni xushnud qildilar. Tadbirda oʼzbek, qozoq, tojik, rus, qirgʼiz, qoraqalpoq, koreys va boshqa bir qancha millat vakillari ishtirok etib, oʼz ona tillarida kuy, qoʼshiqlar ijro etib, sheʼrlar oʼqidilar. Tadbirda “Bilimdon- zukkolar” bellashuvi oʼtkazildi. Bellashuv gʼoliblariga va tadbirning faol ishtirokchilariga turli-xil esdalik sovgʼalari ulashildi. Tadbir juda koʼtarinki ruhda va yuksak saviyada oʼtkazildi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati