Bugun "Yer resurslarini boshqarish" fakultetida “Diniy ekstremizm, terrorizm va giyohvandlik – jamiyat taraqqiyotining kushandasi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda fakultet dekani Sh.Narbaev, Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini H.Eshova, Mirzo Ulug‘bek tumani IIOFMB terorizm va ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i B.Zoirov, guruh murabbiylari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, diniy ekstremizm va terrorizm ma’naviy tahdidlarning bir turi bo‘lib, ular asosan yoshlar orqali vayronkor g‘oyalarni harakatlantiruvchi, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni izdan chiqarishga intiluvchi, mavjud konstitutsion tuzumni ag‘darib tashlashga da’vat etuvchi tajovuzkor siyosiy faoliyatdir. Shu ma’noda hozirgi kunda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, millatlararo hamjihatlikni saqlash, barkamol yoshlarni tarbiyalash muhim vazifa hisoblanadi. Shu bois yoshlarni zararli illatlardan himoya qilish, ular o‘rtasida ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli vazifalarga va salbiy illatlar oqibatlarini tushuntirishga oid ishlarni jadallashtirishga davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan muhim e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda internet tizimida yuzlab terroristik saytlarning aniqlangani o‘ta xavotirli holatdir.
Ular internet tizimi orqali o‘zlarining diniy ekstremizm, millatchilik, irqchilik kabi turli buzg‘unchi g‘oyalarini targ‘ib etmoqda. Ming afsuski, mafkuraviy immuniteti shakllanmagan ayrim yoshlar bu yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishmoqda.Ushbu davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad ham dunyoning turli mintaqalarida ziddiyatlar, beqarorlik kuchaygan, ixtiloflar davom etayotgan bir sharoitda yoshlarimizni turli zararli ta’sirlardan himoya qilishdir. Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish uchun aholi, ayniqsa, yoshlarimizda g‘oyaviy, mafkuraviy immunitet hosil qilish darkor, — dedi Mirzo Ulug‘bek tumani IIOFMB terorizm ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i B.Zoirov — Bunday yot oqimlarning ta’siriga tushib qolmaslik uchun, avvalo, milliy tafakkur va sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish lozim. Qolaversa, so‘nggi yillarda aqidaparast, diniy ekstremistik oqimlar o‘z g‘oyalarini yoshlar ichiga kengroq kirib borish, mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, vayronkor mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, internet orqali targ‘ibot o‘tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Davra suhbati qizg‘in savol javoblarga boy bo‘lib o‘tdi.
YeRB fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan muovini Hurriyat Eshova axboroti
Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov