Sardoba suv omborida yuzaga kelgan texnik falokat barcha soha mutaxassislari uchun chuqur fikr-mulohaza yuritishlariga turtki bo‘ldi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida ham tayyorlanayotgan kadrlar sifatiga yana bir e’tibor qaratib, innovatsion texnologiyalarni keng qo‘llagan holda ta’lim jarayonini amalga oshirish zarurligi davr talabi ekanligini yaqqol namoyon etmoqda. Joriy yilning 17 iyun kuni «Gidravlika va gidroinformatika» kafedrasi professor-o‘qituvchilari Sardoba suv omboridan foydalanish boshqarmasiga tashrif buyurdilar. Tashrifda suv omboridan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i muovini N.Ummatov va mas’ul xodimlar bilan suhbatlashish asnosida Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 6 ta tuman sug‘oriladigan ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash maqsadida qurilgan ushbu suv omborining loyihaviy parametrlari, to‘g‘onida o‘pirilishi sabablari hamda yuzaga kelgan suv toshqini tafsilotlari bilan tanishdilar. Suhbat yakunida kafedra prof-o‘qituvchilari mas’ul xodimlarga suv omborida yuzaga keladigan gidravlik jarayonlar, suv omboridan foydalanish tartiblari hamda undan foydalanish muddatini uzaytirish borasidagi o‘z fikr - mulohazalari va takliflarini bildirdilar.
TIQXMMI matbuot xizmati