Til – millat ko‘zgusi!

Mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 4 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori xalqimiz tomonidan qizg‘in kutib olindi. Boisi, o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida tutgan o‘rni beqiyosdir. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan sana munosabati bilan "Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash" fakultetida 18 oktyabr kuni “Til – millat ko‘zgusi” mavzusida tadbir tashkil etildi. Tadbirda "Ma’rifat" gazetasi bosh muharriri Xusan Karvonli, gazetaning oliy ta’im bo‘limi boshlig‘i A.Umaraliyev, Gumanitar fanlar kafedrasi mudiri Sh.O‘ljayeva professor-o‘qituvchilar hamda 1-kurs talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

 

Bundan 30 yil oldin qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni ona tilimizning huquqiy maqomga erishishiga zamin yaratgani, o‘zbek tilining o‘ziga xos jozibasidan, boy lug‘atidan foydalanish bilan birga, uni ilmiy asosda o‘rganish hamda yangi-yangi atamalar, so‘zlar bilan to‘ldirib borish uchun keng imkoniyatlar bergani alohida ta’kidlandi. O‘zbek tili davlat tili sifatida mamlakatimizda yashovchi millat va elatlarning tillari va boshqa xorijiy tillar bilan birgalikda rivojlanayotgani, ta’lim muassasalarida yetti tilda o‘qitilayotgani, jamiyatimiz hayotida millatlararo ahillik, birdamlik hamda hamjihatlikni ta’minlashda muhim omil bo‘layotgani aloxida qayd etildi.

"Gidromeliorativ ishlarni mexanizatsiyalash" fakulteti dekan o‘rinbosari O.Ro‘zibayev axboroti

Institut matbuot xizmati rahbari R.Jumaniyozov