Shoirlar ichida buyuklik va suyuklik nisbatini el dardiga malham boʻlishdek maqsad bilan uygʻunligi haqida soʻz ketsa, isteʼdodli shoir, Butunjahon shoirlar Kongressining aʼzosi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Azim Suyun beixtiyor koʻz oldingizga keladi. Ayrim shoirlar sheʼr yozadi, lekin oʻz sheʼrini yoddan bilmaydi yoxud ifodali oʻqiy olmaydi. Azim aka oʻz sheʼrlarini joʻshqin tarzda oʻqishi bilan barchaning eʼtiboriga tushishini institutimizda tashkil etilgan “IBRATLI, IJODKOR INSONLAR” ruknidagi ijodiy muloqotda yaqqol his etdik. Azim Suyun bilan oʻtgan ijodiy muloqot samimiy va qiziqarli tarzda kechdi. Yaqinda chop etilgan “Ey doʻst, yoxud Azimnoma” deb nomlangan kitobining taqdimoti ham boʻlib oʻtdi. Azim Suyunning nazmiy va nasriy qayirmalari oʻzining salmogʻi, zalvorli yuki va teran mazmuni bilan alohida ajralib turadi. Uning Umar Xayyom, Saʼdiy Sheroziy, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy va Bobur ijodiga befarq emasligini sheʼrlarini mutolaa qilish asnosida sezish qiyin emas. Azim Suyunning gʻayrati va mehnati bilan qayirma ham mustaqil janr xususiyatiga ega boʻlgani sir emas. “Ey doʻst” degan satr shunchaki murojaat emas, u turli oʻrinlarda turlicha maʼno va ohang kasb etadi. Toʻrtlikni maʼno va shakl jihatidan yangilamoqda. Shu bilan Sharqda ming yillardan beri oʻzgartirib boʻlmaydiganday tuyulgan toʻrtlik, eng muhimi, yangicha ruhda koʻrinmoqda, deya baho bergan ushbu kitobga soʻzboshi yozgan Oʻzbekiston qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov. Institutimizda tashkil etilgan tadbir nihoyasida shoirga esdalik sovgʻalari va Institut rektori Oʻ.Umurzakov va “Notiqlik sanʼati akademiyasi” taʼlim muassasasining direktori tomonidan imzolangan FAXRIY YORLIQ taqdim etildi. Maʼnaviy tadbir koʻpchilikda iliq taassurot qoldirdi.
“Gumanitar fanlar” kafedrasining assistenti Bahriddin Muqimov axboroti
Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov