Inson dunyoga kelar ekan, hayoti davomida kutilgan va kutilmagan turli sinovli kunlarni boshidan kechiradi. Eng asosiysi sinovlar davomida senga yelkadosh bo‘la oladigan insonlarning, do‘stlarning yoningda bo‘lishidir.
“Qishloq va suv xo‘jaligi energiya ta’minoti” fakulteti 3-bosqich talabasi Mannopov Abrorjon ham o‘zi kutmagan hastalikka to‘qnash keldi. Shifokorlar tomonidan “jigar serrozi” tashxisi qo‘yilgan Abrorjon zudlik bilan Hindistonga “Jigar ko‘chirish” amaliyoti uchun yuborilishi zarurligi aytilgan. Oilaviy sharoiti og‘irligi sababli Abrorjonning davolanishi kundan kunga cho‘zilib bormoqda.
Ushbu holatdan xabar topgan institut Yoshlar Kengashi a’zolari “Sen yolg‘iz emassan!” – shiori ostidagi xayriya aksiyasini tashkil etishdi.
Xayriya aksiyasi davomida institut talaba-yoshlari va professor-o‘qituvchilari tomonidan Abrorjonga davolanishi uchun yordam pullari to‘plandi. Bir kun davom etgan ushbu aksiya mablag‘lari institut Yoshlar Kengashi a’zolari va xolislar ishtirokida hisoblandi hamda jami 17 700 000 (o‘n yetti million yetti yuz ming) so‘m miqdorida pul mablag‘lari to‘plandi. Kun oxirida esa jami to‘plangan mablag‘lar va Abrorjonga do‘stlari tomonidan sog‘lik tilab bitilgan maktublar institut Yoshlar yetakchisi D.Rasulov boshchiligida Abrorjonning uyiga borib, ota onasiga topshirildi.
Abrorjonning ota onasi xayr-ehsonlarini ayamagan barcha institut jamoasiga va ushbu aksiyani tashkil etgan institut Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti faollariga chuqur minnatdorchilik bildirishdi. Biz ham xayriya aksiyasida ishtirok etgan barcha talabalar va ustozlarimizga o’zimizning minnatdorchiligimizni bildirib, Abrorjonga salomatlik tilab, tez orada safimizga qaytishini niyat qilib qolamiz.
Aksiyada ishtirok eta olmaganlar va yordam qilish niyatida bo‘lganlar quyidagi plastik karta raqamiga pul mablag’larini o’tkazishlari yoki telefon raqamiga murojaat qilishlari mumkin.
8600 0423 7514 4952 Butayeva Kimyo Usmonqulovna (onasi)
+99893-117-13-73 Butayeva Kimyo Usmonqulovna (onasi)
Institut Yoshlar Kengashi axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati