MDH mamlakatlari vazir va rektorlarining QS reyting kompaniyasi asoschisi va Prezidenti bilan birinchi uchrashuvi

   Ilm-fan va ta’limning rivojlanishi mamlakat taraqqiyotini ta’minlaydigan muhim omil ekani oynadek ravshan. “O’zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030–yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to’g’risida”gi farmonga asosan, kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytingi ro’yxatiga kiritish bo’yicha ishlarni amalga oshirish ko’zda tutilgan. Hujjatda belgilangan vazifalarni ijrosini ta’minlash maqsadida poytaxtimizda QS dunyo universitetlarining  global reyting baholash bo’yicha asoschisi va prezidenti Nunsio Kvakvarelli bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Ilmiy xizmatlar markazining asoschisi Aliya Ospanova moderatorlik qilish asnosida Oliy va o’rta maxsus ta’lim vazurining o’rinbosari Uzoqboy Begimqulov va TIQXMMI rektori Oktam Umurzakovlarga so’z berdi. Ular ushbu faoliyatning ahamiyati benihoya katta ekanini ta’kidlab o’tdilar.

Mustaqil davlatlar hamdo’stligi mamlakatlarining ta’lim vazirlari va 200 nafardan ziyod universitet rektorlari ishtirok etgan videokonferensiyada dastlab dunyo oily ta’lim muassasalarining nufuzli QS reyting tizimi ushbu ro’yxatga kirish talablari haqida to’xtab o’tildi. Qayd etilishicha, mazkur agentlik 1990–yilda tashkil etilgan bo’lib, oily ta’lim muassasalarining birinchi reytingi 2004 – yilda tuzilgan. Shundan buyon QS jahondagi reyting agentliklar orasida yetakchilik qilmoqda, hozirda u ta’lim xizmatlari bozorida rahbar rolini belgilab beradi. Shuni qayd etish joizki, bu reyting ro’yxatidan dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari joy olgan bo’lib, TIQXMMI bu reytingga kiritilgan respublikamizda yagona universitet hisoblanadi.Muloqotlar davomida ilg’or oily ta’lim muassasalarining global raqobatbardoshligi xalqaro reytinglarga kirishdagi asosiy to’siqlar va mintaqadagi universitetlarning rivojlanish istiqbollari masalalari muhokama qilindi. Mazkur reytinga kirish uchun yurtimizdagi oily ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, tadbirda yurtimizda oily ta’lim muassasalarni xalqaro reytingga kirish strategiyasidagi muhim jihatlari muhokama qilindi, bu boradagi xalqaro reyting agentliklari tajribasi ko’rib chiqildi. Jumladan, mahalliy olimlarning xalqaro ilmiy jurnallarda ishtirokini oshirish va xalqaro ma’lumotlar bazasida ulardan iqtibos keltirishlarni ko’paytirishga e’tibor qaratish kerakligi, chunki bu reytingni shakllantiruvchi asosiy ilmiy ma’lumotlar ekanligi alohida e’tirof etildi.

 

TIQXMMI matbuot xizmati