Isroil davlatining elchisi TIQXMMIga tashrif buyurdi

Davlatlararo hamkorlikning natijasi oʼzaro manfaat asosidagi taraqqiyotga yoʼnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. Innovatsion va investitsion faoliyat ham ana shu maqsad zaminiga qurilgani bilan xarakterlanadi. Isroil davlatining Oʼzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Zeavit Ben Xillelning Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga tashrifi ham xuddi shu maʼnoda katta mohiyat kasb etdi. TIQXMMI rektori, iqtisod fanlari doktori, professor Umurzakov Oʼktam Pardaevich bilan elchining muloqoti samimiy tarzda, oʼzaro hamkorlik va tajribalarini almashish yoʼsinida, doʼstona ruhda oʼtdi.

Institut rektori dastavval, tashrif uchun elchi janoblariga oʼz minnatdorchiligini bildirib taʼlim muassasamizda olib borilayotgan xalqaro faoliyat haqida maʼlumot berdi. Soʼngra institut hayoti va qizgʼin tarzdagi ish va oʼquv jarayoni, zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan auditoriya va laboratoriyalar, xorijlik talabalarning mamnunligi aks etgan videorolik namoyish etildi. Keyin elchi janoblari Zeavit Ben Xillelga mamnuniyat bilan soʼz berildi. Elchi TIQXMMIga tashrif va keng ravishda tanishish ish rejasidagi birinchi maqsadlaridan biri boʼlganini, xursandchiligini taʼkidladi. Suv, sugʼorish muammosi, tomchilab sugʼorishning oʼziga xos masalalari jahonshumul ahamiyat kasb etganini taʼkidlab, buning uchun oʼzaro maslahatlashish va hamkorlik yoʼlida orttirilgan tajribalar muhim ekanini eʼtirof etdi.

Isroil NETAFIM kompaniyasining suv tejovchi texnologiyalarini jalb qilgan holda institut hududida namoyish maydonchasini yaratish imkoniyatlarini muhokama etish uchrashuvdan koʼzlangan asosiy maqsad boʼldi. Muloqot yakunida elchi janoblariga va birga tashrif buyurgan xodimlarga minnatdorchilik bildirildi hamda esdalik sovgʼalari taqdim etildi. Ular faxriy mehmonlarning istaklari muhrlanadigan albomga oʼz tilaklarini yozib qoldirishdi.

TIQXMMI matbuot xizmati