Mustaqillik me’moriga ehtirom

29 yanvar kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filialida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov tavalludininig 83 yilligiga bag‘ishlangan “Mustaqillik me’moriga ehtirom” mavzusida tadbir o‘tkazildi. Mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, istiqlol me’mori Islom Abdug‘anievich Karimov zamonamizning ulug‘ siyosatchisi, Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligiga ulkan hissa qo‘shgan shaxs sifatida xalqimiz qalbida, yurtimiz tarixida mangu saqlanib qoladi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, vaqt va hayotning o‘zi Islom Karimovning uzoqni ko‘radigan va strategik fikr yuritadigan shaxs, dunyoda va turli mintaqalarda yuz berayotgan o‘ta murakkab voqea-hodisalarning mohiyatini davlatchilik nuqtai nazaridan ko‘ra bilish qobiliyatiga ega bo‘lgan, o‘z yurti va xalqi uchun, har bir vatandoshimizning taqdiri uchun ulkan mas’uliyat tuyg‘usini chuqur his qiladigan atoqli rahbar ekanini har tomonlama tasdiqladi.

Tadbirga viloyat hokimining maslahatchisi, faxriylar bilan ishlash bo‘yicha maslahatchi, “El-yurt hurmati”, “Mehnat shuhrati” ordeni hamda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” unvoni sohibi Yanvar Inoyatov, viloyat Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisining maslahatchisi, “El-yurt hurmati”, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Eson Rajabovlar tashrif buyurishdi. Tadbirni filial direktori Z.Muqimov ochib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, O‘zbekiston davlatining asoschisi Islom Abdug‘anievich Karimovning vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligiga qo‘shgan ulkan hissasi, u kishining sermazmun hayoti va faoliyatining yosh avlod tarbiyasida tutgan o‘rni va ahamiyatini inobatga olib, ushbu sanani ulug‘ xalqimiz bayrami sifatida nishonlash, shubhasiz, Islom Karimovning ruhini shod etadi,- dedi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning faoliyati, boy siyosiy me’rosi, davlatimiz rivojlanishi yo‘lida amalga oshirgan ulkan ishlari hamda mehnatlarini e’zozlagan holda, biz yoshlar ham Birinchi Prezidentimizdan o‘rnak olib sidqidildan Vatan uchun mehnat qilishimiz kerakligini ta’kidladilar. Ma’ruzachilarga talabalar va professor-o‘qituvchilar tomonidan savollar berildi hamda mehmonlar yetarlicha javoblar berishdi.

Gumanitar fanlar kafedrasi mudiri, t.f.n., dotsent Ch.Temirova