Muayyan bilimga ega boʻlish va oʻrganish doimiy ravishda asqotishi aniq. Bu borada tashkil etiladigan seminarlarning ahamiyati katta. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining 29.12. 2018 yildagi 87-03-4549 - sonli xatiga binoan talabalarning qishki taʼtili paytida barcha rahbar xodimlar va professor-oʻqituvchilar uchun “Oliy taʼlimni rivojlantirishning zamonaviy tendensiyalari: xalqaro tajribalar va Oʻzbekiston amaliyoti” mavzusidagi taqdimot materiallari asosida seminarlar tashkil etish boshlandi.
Bugun 5 yanvar kuni institutimizda tashkil etilgan seminarda soliq siyosati bilan bogʻliq muhim masalalarga eʼtibor qilindi. Dastavval, institut oʻquv-uslubiy boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchisi Dadaxon Xodjayev soʻzga chiqdi. U Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan normativ hujjatlar, normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, oliy taʼlim muassasalari soni va qabul kvotalari, yangi tashkil etilgan oliy taʼlim muassasalari, oliy taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarish oʻrtasidagi oʻzaro innovatsion-korporativ hamkorlik modeli, Oʻzbekiston-Rossiya taʼlim forumi, xalqaro tajriba: oliy taʼlimni rivojlantirishning innovatsion ekotizimi, professor - oʻqituvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, milliy reyting tizimi va uning indikatorlari boʻyicha taqdimot dasturi asosida maʼlumot berdi.
Undan soʻng institutimizning bosh hisobchisi Ilhom Hasanov maosh, oylik miqdori borasida atroflicha tushunchalar berib oʻtdi. Soʻngra taklif etilgan soliqshunos mutaxassis minbarga taklif etildi. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi akademiyasi trening markazi “Soliq munosabatlari” kafedrasi mudiri Asror Valiyev “Soliq xizmati - insofli soliq toʻlovchilarning ishonchli hamkori” mavzusida maʼruza qildilar.
Ular fuqarolarning ish haqidan toʻlanadigan soliqlar, sugʻurta badali 8% daromad soligʻi bekor qilingani borasida soʻz yuritdi. Soʻngra soliq stavkalarining oʻzgarishi, foyda soligʻi, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, soliq rejimlari, soliq qonunchiligiga doir tushuntirishlar, tadbirkorlarni qiynab kelgan buxgalteriyasiga koʻmaklashish, elektron hisob-faktura tizimi, hisobotlarini tayyorlash va topshirish xususida mufassal maʼlumot berib oʻtdilar. Ular soha mutaxassisi sifatida institut xodimlari tomonidan berilgan savollarga javob berib baʼzi muammolarga oydinlik kiritdilar.
Davlatning qiyofati, tuzum va tizim mohiyati, taraqqiyot asosi Soliq tizimi bilan bogʻliqligi ayon. Boshqarish va taʼminot, ishlab chiqarish va foydalanish borasida soliq tizimi davlat va shaxs orasidagi koʻprikdir. Uni bilish va oʻrganish davlat va shaxs orasidagi ishonchni mustahkamlaydi.
Institut Matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov