Ixtironing o’rni har qanday davlatning taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi. Dunyoning go’zalligi turli sohalarda inkishof etilgan yangiliklar bilan ekani ayon. Ilm-fan sohasidagi ixtirolarning almashinuvi barcha mamlakatlarning ravnaqiga xizmat qiladi.
Xuddi shu ma’noda, joriy yilning 21 sentabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga Isroil davlatining O’zbekistondagi elchisi Eddi Shapira janoblari o’zining delegatsiyasi bilan tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif ikki davlat o’rtasidagi ilmiy, madaniy, do’stona hamda xalqaro munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan bo’lib, uchrashuv doirasida elchixona tomonidan “Dunyoning o’zgarishiga sabab bo’lgan isroilona kashfiyotlar” mavzusidagi ko’rgazma tashkil etildi. Ushbu ko’rgazma Isroil davlatining ta’lim, ilm-fan, ishlab chiqarishdagi erishgan yutuqlari, olimlari hamda davlat arboblarining qo’shgan hissalari aks etgan fotoko’rgazma sifatida o’tkazilmoqda.
Ushbu ko’rgazmani tantanali ravishda Isroil davlatining O’zbekistondagi elchisi Eddi Shapira janoblari hamda institutning Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Qodirjon Shovazov ochib berishdi. Shundan so’ng, ko’rgazma davomida institut talabalari va professor-o’qituvchilar elchi janoblari hamda delegatsiya vakillaridan o’zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Uchrashuv so’ngida mehmonlarga institut rahbariyati tomonidan esdalik sovg’alar berildi. Ko’rgazma joriy yilning 28 sentabriga qadar davom etadi.
Xalqaro hamkorlik bo’limi boshlig’i Ilhom Abdurahmonov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov