“Ibratli, ijodkor insonlar” ruknidagi har dushanba kuni bo‘lib o‘tadigan ijodiy muloqotning navbatdagi yangi mehmoni O‘zbek davlat Milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov bo‘ldilar. Ijodiy muloqotning mavzusi “Bobur - boqiylik, barhayotlik belgisi” deb nomlangan.
Ma’lumki, fevral oyini go‘zal oy, g‘azal oyi, asal oyi desa bo‘ladi. Chunki, boshqalaridan farqli o‘laroq, bu oyda asosan adabiyot, she’riyatning ikkita yirik darg‘asi, ulug‘ shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy va Bobur mirzo tavvalud topgan.
O‘tgan haftadagi muloqotda Navoiyning ijodi borasida so‘z ketgan bo‘lsa, bugun esa Boburning ijodiyotiga e’tibor aktyor nigohi va nuqtai nazari orqali bo‘ldi.
Ustoz Rahimboy Jumaniyozov moderator sifatida tadbirni boshlab berdilar, shuningdek, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning ijodiga muxtasar shaklda to‘xtalib o‘tdilar.
Dastavval, “Iqtidor-film” studiyasi tomonidan Boburning “Ketgaymen” nomli g‘azaliga ishlangan videorolik namoyish etildi. So‘ngra, Muhamadali aka Abduqunduzov mikrofon qarshisiga taklif etildi.
Har bir aktyor o‘zining o‘ynagan roli bilan xalq nazariga tushadi. Hammamizga ma’lumki, Muhammadali Abduqunduzov shoh Bobur rolini maromiga yetkazib o‘ynagani uchun xalqimizning ko‘nglidan joy olgan san’atkor hisoblanadi.
Muhammadali Abduqunduzov shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning bosib o‘tgan hayot yo‘lini so‘zlab berdilar. So‘ngra Boburning monologini o‘qib barchani hayratga soldi.
Tadbir davomida pedagog va talabalar tomonidan berilgan savollarga aktyor tegishli javoblarni berib ularning ishonchini qozondi.
“Gumanitar fanlar” kafedrasining o‘qituvchisi Bahriddin Muqimov axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov