Farg‘onalik talaba uyda qolib, daromad ko‘rmoqda

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining 2-bosqich talabasi Sardorbek Abbosov karantin davrida uyda qolish bilan cheklanib qolgani yo‘q. Onlayn darslarni o‘zlashtirish bilan birgalikda xonadonidagi tomorqada mehnat qilmoqda. Oila a’zolariga yordam berib, daromad olishni ham boshladi. U istiqomat qilayotgan Farg‘ona tumanidagi Vodil qishlog‘i o‘zining mo‘tadil havosi, so‘lim tabiati va sharqirab oqayotgan soylari bilan dong‘i ketgan. Shohimardonga bormoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimiz shu qishloq orqali o‘tadi. Ayniqsa, bu yerda yetishtirilayotgan malinaning ta’rifiga til ojiz. Uncha ko‘zga tashlanmaydigan bu shifobaxsh mevani oilaviy biznesning mo‘jizasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Mazkur qishloqda bu mevani yetishtirish allaqachon ommalashib ketgan. Vodil malinasi bugungi kunda nafaqat viloyatda balki butun vodiyda mashhur bo‘lib, bu yerda yashovchilarning aksariyati malina yetishtirish bilan shug‘ullanadi.

Фарғоналик талаба уйда қолиб, даромад кўрмоқда

Sardorbek bugungi kunda o‘z uyida malinani yangi texnologiyalar asosida parvarishlash, hosildorligini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Talaba yigitning aytishicha, har bir oila bir yilda bu mevadan ikki marotaba hosil olayotgan bo‘lib, 8-10 million so‘m daromad ko‘ryapti. Ba’zi mirishkorlarning daromad esa bundan-da ko‘p. –Tomorqamizdan faqat oilamiz ehtiyoji uchun kerakli qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirish bilan cheklanardik, – deydi S. Abbosov.–Hozir issiqxona ham tashkil qildik. Urug‘lik ko‘chatlar, shuningdek, pomidor, bodring kabi mahsulotlarni parvarishlayapmiz. Ochiq yer maydonida kartoshka, sabzi yetishtiramiz. Hovlimizda mevali ko‘chatlarning barcha turi bor. Ha, bu kabi g‘ayratli yoshlarimiz karantin davrida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan. Zero, ular tomorqa – katta xazina ekanligini amalda isbotlamoqda.

photo_2020-04-20_17-07-07.jpg

Manba: uza.uz