Talabalarning innovatsion ishlanmalari suv xo‘jaligi tizimiga joriy etiladi

Joriy yilning 28 iyun kuni “Innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar klasteri”da Institutning Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi va Suv xo‘jaligi vazirligining Innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va ta’lim boshqarmasi hamkorligida “Iqtidorli talabalarning innovatsion ishlanmalarini suv xo‘jaligi tizimiga joriy etish” borasida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

 

Tadbirda Suv xo‘jaligi vazirligi Innovatsion texnologiyalarni joriy qilish va ta’lim boshqarmasi boshlig‘i R.Qarshiev, boshqarma yetakchi mutaxassisi I.Akramov, TIQXMMI Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor T.Sultanov, Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash bo‘limi boshlig‘i Sh.Imomov, Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi boshlig‘i M.Sarimsaqov, bo‘lim sektor mudiri N.Shaymanov, yetakchi muhandis O.Abdisamatov va institutning iqtidorli talabalari ishtirok etishdi.

Talabalar tomonidan yaratilgan Kanallarni tozalashda beton qoplama sifatini saqlash va ekskavator tishlarini resursini oshiruvchi qurilma, “Ecofreezeri” ekologik toza sovutgichi,  “Smart Farmer” mobil ilova, Suv o‘lchash inshootlari uchun mobil ilova, Innovatsion penolotok, “Gidroelektrometr” gidrotexnik inshootlarda suv sathini o‘lchashni avtomatlashtirilgan innovatsion texnologiyasi singari 11 ta yangi ishlanmalar muhokamadan o‘tkazildi.

Ushbu ishlanmalar ichidan Karimova Durdona Fazliddin qizining “Namlik va haroratni aniqlash” qurilmasi, Xamroeva Shaxnoza Aminjon qizining “MEASURING WATER LEVELS IN WELLS” quduqdagi suv sathini o‘lchash qurilmasi va Yusupov Muxammadsodiqjon Siddiqjonovichning “Telefon orqali cho‘kma nasos stansiyasini boshqarish” GSM-texnologiyasi qurilmasi Suv xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari tomonidan saralab olinib, amaliyotga joriy etish uchun tavsiya qilindi.

Boshqa qurilma va dasturlarni takomillashtirish borasida takliflar berildi. Tadbirda ishtirok etgan talabalar Suv xo‘jaligi vazirligining boshqarma boshliqlari va yetakchi mutaxassislariga innovatsion-ishlanmalar bo‘yicha bergan fikr mulohazalari uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdilar.

Ilmiy-innovatsion ishlanmalarni tijoratlashtirish bo‘limi sektor mudiri N.Shaymanov ma’lumoti.