2020 yil 28 aprel kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Pedagogika, psixologiya va fanlarni o‘qitish metodikasi” kafedrasi tomonidan kafedra professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda hohlovchilar uchun Zoom onlayn platformasi orqali “Boshqaruv psixologiyasi: Insonlarni anglashni o‘rganamiz” deb nomlangan vebinar-trening tashkil etildi. Mazkur vebinar-treningda “Pedagogika, psixologiya va fanlarni o‘qitish metodikasi” kafedrasi dotsenti D.Mukumova moderatorlikni olib bordi. O‘tkazilgan ushbu vebinar muayyan bir mavzuni masofadan turib tushuntirish yoki dars o‘tishdangina iborat bo‘lmay, balki kafedra ixtisosligi va faoliyat yo‘nalishlari doirasida zamonaviy axborot texnologiyalarini ta’lim jarayoniga qo‘llash va ta’lim jarayonida yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish borasida ham amaliy harakatning bir ko‘rinishi hisoblanadi.
Hozirgi pandemiya sharoitida respublikamizda faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalarida darslarni onlayn ko‘rinishga keltirish bo‘yicha ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Shu jumladan, institutimizda tashkil etilgan mazkur vebinar-trening bu amaliy ishlarning mantiqiy davomchisi hisoblanadi. Mazkur platforma orqali vebinar tashkil etish kafedra professor-o‘qituvchilarining uy sharoitida bir-birlari bilan muloqot olib borishlari va yangilik almashishlari yuzasidan qulay imkoniyat yaratildi. Shuningdek, vebinarga ulangan institut talabalarida ham berilgan topshiriqlarni mustaqil bajarishi jarayonida mazkur ta’lim ko‘rinishiga nisbatan motivatsiya shakllanmoqda. Bu albatta ijobiy tomonga qo‘yilgan muhim qadam.
Bu kabi vebinarlar tashkil etish orqali yoshlarning tanqidiy tafakkuriga yo‘naltirilgan xilma-xil fikrlar muhokamasi, olingan ma’lumotlarni, madaniy-ma’rifiy va tarixiy fenomenlar hamda aniq o‘quv jarayonini tahlil etish qobiliyatini shakllantirishga erishish mumkin. Mazkur jarayonda turli soha vakillaridan iborat tajribali mutaxassislar salohiyatidan foydalanib masofaviy ta’lim loyihalarini amalga oshirish kelajakda yangicha ko‘rinishda ta’lim sifatini oshirilishiga zamin yaratadi. Shu bilan birga, institut ta’lim-tarbiya tizimiga yangi innovatsiyalarni joriy qilishda bu kabi vebinar darslarni tashkil etish yoshlar ijodiy tafakkuri va ijtimoiylashuviga hamda ularning ma’naviy qiyofasini shakllantirishga xizmat qilishi tabiiy.
Bugungi kundagi mavjud vaziyat shuni ko‘rsatadiki, o‘quv jarayoniga ko‘proq zamonaviy texnologiyalarni joriy etish zarurati katta. Har bir pedagog zamon bilan hamnafas, o‘z ustida ko‘proq ishlashi, ta’lim jarayonida ro‘y berayotgan yangiliklarni chuqur idrok eta bilishi hamda innovatsion texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi lozim. Vebinar-trening mazmunli va qiziqarli o‘tishi barobarida ishtirokchilar tomonidan savollar va munozaralarga boy bo‘ldi. Yakunida ishtirokchilar tomonidan tashkilotchilariga yangi pedagogik-texnologiyalarga asoslangan vebinar-trening kutilgandan ham mazmunli o‘tgani xususida o‘z minnatdorchiliklarini izhor etdilar. Bu kabi vebinar-treninglarni yanada ko‘proq tashkil etish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
TIQXMMI matbuot xizmati