2018 yil 27 fevral kuni 4-sonli talabalar turar joyida “Gidromelioratsiya” fakulteti, “Pedagogika, psixologiya va o‘qitish metodikasi” kafedrasi o‘qituvchisi Zaxro Mirxodjaeva, tarbiyachi pedagog Javlonbek Qutlimurotovlar Zulfiya Isroilova tavallud kuni munosabati bilan davra suhbati o‘tkazdi.
O‘zbekistonning mashhur va qobiliyatli shoirasi Zulfiya Isroilova o‘zining uzoq ijodkor umrini o‘z xalqining asrlar davomidagi mehnatda erishgan yutuqlari, urf-odatlari, milliy qadriyatlarini kuylashga bag‘ishladi. O‘zbekistonning ko‘p qirrali hayotidagi hech bir mavzu yo‘qki, Zulfiyaning asarlarida aks etmagan bo‘lsin. Uning badiiy dunyosi – mustaqil va suverinitet O‘zbekiston edi.
Zulfiya Isroilova 1915 yil 1 martda Toshkent shahrida Degrez mahallasida temirchi oilasida tug‘ildi. Uning ota-onasi yuksak madaniyatli insonlar edi. Zulfiya o‘rta maktabni va xotin-qizlar pedagogika bilim yurtini tamomlab, respublikadagi gazeta va jurnallar redaksiyasida ishlay boshladi. Shu davrlardan boshlab, u poeziya bilan qiziqa boshladi. Uning birinchi she’rlari “Yangi yo‘l” jurnalida, “Qizil O‘zbekiston”, “Yosh leninchi” gazetalarida chop etildi. Zulfiyaning birinchi she’riy to‘plami 1932 yilda “Hayot zarvaraqlari” nomi ostida nashr etildi. Zulfiya o‘zining samarali va ijodkor yillari davomida respublikaning gazeta va jurnallarida bir qancha poemalar, balladalar, lirik she’rlar, elegiyalar, ocherklar, publitsistik maqolalar, hikoyalar chop ettirdi.
Zulfiyaning turmush o‘rtog‘i taniqli va yuksak qobiliyat egasi dirik shoir Hamid Olimjon edi. Hamid Olimjon 1944 yilda fojeali halok bo‘ldi. Zulfiya nafaqat yaqin odamini, balki maslakdoshi va kasbdoshini ham yo‘qotgan edi. Qattiq iztirobga tushishiga qaramay u o‘zini yo‘qotmadi, farzandlari uchun yashashi kerakligi yaxshi angladi. Shu yillari u o‘zining mashhur she’rlari: “ Bahor keldi seni so‘roqlab”, “Nima uchun ko‘tarmading bosh”, “O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush” va bir qator lirik asarlarini yaratdi.
Zulfiya umrining oxirigacha “Saodat” jurnalining bosh redaktori vazifasida samarali mehnat qildi. Uning bir qator qobiliyatli va mashhur shogirdlari bor edi. Hozirda ham ularning ko‘pchiligi ijod qilib kelishyapti.
Zulfiyaning o‘zbek adabiyoti rivojlanishida va uning xazinasini boyitishdagi xizmatlari katta. Uning nomini abadiylashtirish maqsadida “Zulfiya” mukofotlari joriy qilingan, u xalqimiz yodida bir umrga sevgi va sadoqat kuychisi, buyuk lirik shoira sifatida saqlanib qoladi.
4 –TTJ tarbiyachi pedagogi Javlonbek Qutlimurotov axboroti
Institut matbuotkotibi Rahimboy Jumaniyozov