Geoinnovatsiya markazi bilan taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi boʼyicha hamkorlik

Oʼzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʼmitasi huzuridagi Kadastr agentligi direktori oʼrinbosari, “Geoinnnovatsiya markazi” direktori Аbdullaev Аbdishukur Hamidovich ishtirokida Yer resurslarini boshqarish fakulteti talabalari bilan davra suhbati oʼtkazildi. Tadbirda markaz direktori А.Аbdullaev “Geodeziya va geoinformatika”, “Yer kadastri va yerdan foydalanish”, “Yerni masofaviy zondlashda innovatsion texnologiyalar” taʼlim yoʼnalishlari talabalari bilan uchrashdi hamda sohada raqabatbardosh, bilimli kadrlarni tayyorlash, talabalarning kelajakdagi ish faoliyati bilan bogʼliq masalalarda suhbat oʼtkazdi.

Shuningdek, talabalarni qiziqtirgan savollar: Kadastr agentligi tizimidagi korxona va tashkilotlarda, jumladan, Geoinnovatsiya markazining ish faoliyati; uchuvchisiz uchish qurilmalari “dron”larning geodeziya, geoinformatika, kadastr va boshqa sohalarda qoʼllanilishi; Geoinnovatsiya markazida oʼquv va ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish, oʼqish davrida markaz ish jarayoni bilan tanishib borish, tajriba o’rganish va oʼquv mashgʼulotlarini tashkil etish; uchuvchisiz uchish qurilmalari “dron”larni uchirish boʼyicha maxsus kurslarda oʼqitish va sertifikat berish tartibi; Kadastr agentligi tizimidagi korxona va tashkilotlarda, jumladan, Geoinnovatsiya markazida kelajakda ishga joylashish boʼyicha kasbiy bilim va koʼnikmalarga qoʼyilgan talablar haqida savollarga javob berildi.  Davra suhbati mazmunli, qiziqarli va savol-javoblarga boy tarzda oʼtdi.

 

Yer resurslarini boshqarish fakulteti dekani Sh.Narbaev axboroti