Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash

Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash

Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash 15 iyul kunidan 5 avgustiga qadar transfer.edu.uz sayti orqali amalga oshiriladi.

Taqdim etiladigan hujjatlar:

  1. Pasport nusxasi
  2. Reyting daftarchasidan yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnomadan nusxa

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida
 


O’zbekiston Respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi qarori asosida oliy ta’lim muassasalaridan Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga oqishini ko’chirish tavsiya etilganlar ro’yxati


NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

          1. Mazkur Nizom “Ta’lim to‘g‘risida”, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga va oliy ta’lim sohasidagi boshqa qonun hujjatlariga muvofiq oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibini belgilaydi.
            2. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasiga va harbiy oliy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.
          3. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi hamda bu boradagi komissiyalar faoliyatining shaffofligini ta’minlash maqsadida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar hamda oliy ta’lim muassasalarning saytlarida alohida ma’lumotlar bazasi tashkil etiladi.
Ushbu Nizomning 36-bandidagi holatlar bo‘yicha talabalar safidan chetlashtirilgan talabalarning akademik ma’lumotnomasi asosida (ma’lumotnomada o‘qigan fanlari va baholari ko‘rsatiladi) oliy ta’lim muassasalari va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

2-bob. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklashning umumiy qoidalari

           4. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash (keyingi o‘rinlarda Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash deb ataladi)da oliy ta’limning mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlarini (mutaxassisliklarini) belgilash quyidagi mezonlarga asoslanadi:
ta’lim yo‘nalishlarining (mutaxassisliklarining) nomlanishi bir xil bo‘lganda bunday ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) mos deb hisoblanadi;
oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash uchun o‘qishga kirishda sinov o‘tkaziladigan fanlari tarkibi va ta’lim sohasi hamda o‘qish muddati bir xil bo‘lganda bunday ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) turdosh deb hisoblanadi.
            5. Talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash quyidagilarning:
oliy ta’lim muassasalari;
tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar;
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Idoralararo komissiya deb ataladi) qarorlari asosida amalga oshiriladi.
Idoralararo komissiya O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat komissiyasi deb ataladi) tomonidan tashkil etiladi. Uning tarkibiga tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar vakillari kiritiladi.
Idoralararo komissiyaning raisi va mas’ul kotibi Davlat komissiyasi qarori bilan tayinlanadi.
Idoralararo komissiya “O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish Davlat komissiyasi qoshidagi Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash idoralararo komissiyasi to‘g‘risida nizom” asosida faoliyat yuritadi.
          6. Bir oliy ta’lim muassasasi doirasida oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash (qayta tiklash — talabalar safidan chetlashtirilganligiga 5 yilgacha bo‘lgan muddatda) shu oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.
            7. Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash talabani qabul qilayotgan oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi:
oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha bir vazirlik (idora) doirasida boshqa oliy ta’lim muassasasiga;
oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisliklari) bo‘yicha turli vazirlik (idora) doirasida bir oliy ta’lim muassasasidan boshqa oliy ta’lim muassasasiga;
talabalar safidan chetlashtirilganligiga 5 yildan 10 yilgacha muddat o‘tganda.
            8. Quyidagi hollarda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Idoralararo komissiya qarori bilan amalga oshiriladi:
xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga;
talabalar safidan chetlashtirilganligiga 10 yildan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa;
bir oliy ta’lim muassasasi doirasida yoki bir vazirlik (idora) va turli vazirliklar (idoralar) tasarrufidagi oliy ta’lim muassasalariga oliy ta’limning turdosh bo‘lmagan yo‘nalishlariga (mutaxassisliklariga).
           9. Quyidagi holatlar fuqaroning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash haqidagi arizasiga rad javobini berilishiga asos bo‘ladi:
xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy ta’lim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarga;
respublika oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud ta’lim shaklidan o‘zga (boshqa) ta’lim shaklida o‘qiganlarga;
oliy ta’lim muassasalarining markazlari, bo‘limlari, o‘quv-maslahat punktlari va boshqalarda o‘qiganlarga;
birinchi kursning birinchi semestriga birinchi semestr tugallanmagan holatda (talabaga kasallik tufayli akademik ta’til berilgan holatlar bundan istisno);
oliy ta’lim muassasasida mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi) yoki ta’lim shakli mavjud bo‘lmasa;
namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshganda;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirmaganda;
talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik ma’lumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda;
oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida ko‘chirish va qayta tiklash davlat granti asosida ta’lim oluvchilar soni (qabul kvotalari) doirasida bo‘sh o‘rinlar mavjud bo‘lmasa;
qonunchilikda belgilangan boshqa holatlarda.
Fuqaroning o‘qishini ko‘chirish (qayta tiklash) bo‘yicha arizasiga rad javobi berilgan taqdirda, arizani ko‘rib chiqish uchun belgilangan muddatda, arizada ko‘rsatilgan manzilga, arizani ko‘rib chiqqan komissiya yoki komissiya vakolat bergan tashkilot tomonidan javob xati yo‘llanadi.
          10. Talabalarning o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklashni rasmiylashtirishda oliy ta’lim muassasasi rektori belgilangan tartibda o‘quv rejalari va dasturlardagi mavjud akademik qarzlarni yoki farqlarni (namunaviy o‘quv rejalaridagi umumkasbiy va ixtisoslik (mutaxassislik) fanlari bo‘yicha farqlar 4 tadan oshmasligi lozim) topshirish tartibi va muddatlarini (joriy semestr davomida), o‘qitish kursi hamda o‘qishga qabul qilishning qonun hujjatlarida belgilangan boshqa shartlarini belgilaydi.
          11. Toshkent davlat yuridik universitetida tahsil olayotgan talabalar ikkinchi kursdan boshlab o‘qishning bir o‘quv yiligacha bo‘lgan muddatni xorijiy oliy ta’lim muassasasining yurisprudensiya yo‘nalishida o‘qish huquqiga ega. Talabaning xorijiy oliy ta’lim muassasasida o‘qigan davri va o‘zlashtirgan fanlari xorijiy oliy ta’lim muassasasi ma’lumotnomasi asosida universitet Kengashi tomonidan universitet o‘quv rejasi va dasturlarining tegishli qismlarini o‘zlashtirganligi sifatida qabul qilinishi va talabaga o‘qishini tegishli o‘quv semestridan davom ettirish huquqi berilishi mumkin.
          12. To‘lov-kontrakt asosida talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklashda to‘lov-kontraktni tuzish tartibi va shartlari, jumladan, to‘lov mablag‘lari va muddatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
             13. Davlat oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash jarayoni bepul amalga oshiriladi.
           14. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklashni amalga oshirish tartibi mazkur Nizomga ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.

3-bob. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish


          15. Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini ko‘chirish (keyingi o‘rinlarda Talabalar o‘qishini ko‘chirish deb ataladi) bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish quyidagicha amalga oshiriladi:
o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni taqdim etish — har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar amalga oshiriladi;
arizalarni oliy ta’lim muassasasi, tegishli vazirlik (idora) yoki Idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 5-avgustdan 30-avgustga qadar amalga oshiriladi.
Talabalar o‘qishini ko‘chirish uzrli sabablarga ko‘ra (bir hududdan ikkinchi hududga doimiy yashash uchun yoki turmushga chiqish munosabati bilan ko‘chib o‘tganda, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi harbiy xizmat o‘tash joyini o‘zgartirganda, yoxud ota-onasi (turmush o‘rtog‘i) xorijdagi davlat xizmatidan qaytganda) bahorgi semestrda o‘quv mashg‘ulotlari boshlanishidan oldin ham amalga oshirilishi mumkin. Bunda:
o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20-dekabrdan keyingi yilning 20-yanvariga qadar;
o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizani ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 25-yanvardan 15-fevralga qadar amalga oshiriladi.
          16. Talabalarning o‘qishini ko‘chirish haqidagi arizalari mos ravishda:
ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan — oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga topshiriladi;
ushbu Nizomning 7 va 8-bandlarida ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan — Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan Hududiy ishchi guruhlarga topshiriladi.
Hududiy ishchi guruhlar qabul qilingan hujjatlarni umumlashtirib, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga taqdim etadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talabalar o‘qishini ko‘chirish haqidagi arizalarni mazkur Nizomda belgilangan vakolatlar doirasida shakllantirib Idoralararo komissiyaga va vazirliklar (idoralar)ga qaror qabul qilish uchun yo‘llaydi.
          17. O‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan fuqaro quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ko‘chirish (qayta tiklash)ni istagan ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada o‘qigan oliy ta’lim muassasasi va ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi), ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma nusxalari;
pasportning nusxasi.
          18. Talabalar o‘qishini ko‘chirish haqidagi arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha ariza ko‘rib chiqilib, oliy ta’lim muassasasi rektorining tegishli qarori qabul qilinadi va bu haqda ariza bergan shaxsga shaxsan ma’lum qilinadi;
ushbu Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha arizalar tegishli vazirlik (idora) tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinadi va bu haqda ariza bergan shaxsga ma’lum qilinadi;
ushbu Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha arizalar Idoralararo komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinadi.
Nizomning 7-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha arizalar ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilgan taqdirda, tegishli vazirlik (idora) oliy ta’lim muassasasiga belgilangan shaklda xat yo‘llaydi.
Nizomning 8-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha arizalar ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilgan taqdirda, Idoralararo komissiya oliy ta’lim muassasasiga belgilangan shaklda xat yo‘llaydi.
      19. Tegishli vazirlik (idora) yoki Idoralararo komissiyaning xati asosida oliy ta’lim muassasasi rektorining buyrug‘i bilan o‘qishi ko‘chirilayotgan talaba darslarga qo‘yiladi hamda ushbu oliy ta’lim muassasasi tomonidan talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasiga uning shaxsiy yig‘ma jildini jo‘natish uchun so‘rovnoma yuboriladi.
          20. So‘rovnoma olingandan so‘ng, talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi rektorining talabalar safidan chetlashtirish haqida buyrug‘i asosida uch kun muddatda talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (ro‘yxati bilan) uni o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi yoki ariza bilan o‘qishi ko‘chirilgan talabaga beriladi.
Shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda (yopiq yo‘nalishlar va mutaxassisliklar bo‘yicha kadrlar tayyorlash) oliy ta’lim muassasasi rektori tomonidan imzolangan va gerbli muhr bilan tasdiqlangan akademik ma’lumotnoma talabani o‘qishga qabul qilgan oliy ta’lim muassasasiga jo‘natiladi.
        21. Talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasida uning akademik ma’lumotnomasi, reyting daftarchasi, o‘quv kartochkasi, shuningdek jo‘natilayotgan hujjatlar ro‘yxatining nusxasi qoldiriladi.
        22. O‘qishning barcha shakllari bo‘yicha oliy ta’limning mos va turdosh yo‘nalishlari (mutaxassisligi) bo‘yicha davlat grantlari o‘rinlariga ko‘chirishga faqat davlat grantlari asosida tahsil olgan talabalar arizasiga ko‘ra oliy ta’lim muassasalarida tegishli o‘quv yilidagi qabul qilish kvotalarida belgilangan davlat grantlarining soni doirasida ruxsat etiladi.
Boshqa hollarda o‘qishni ko‘chirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
          23. Xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash istagini bildirgan fuqarolar tasarrufida oliy ta’lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarda tashkil qilingan komissiyalarda o‘zlari ta’lim olgan xorijiy oliy ta’lim muassasasidagi o‘qitish tili bo‘yicha muayyan ta’lim yo‘nalishidagi o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) (turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmatini o‘tash joyi Tashqi ishlar vazirligi (vakolatli idoralar) tomonidan O‘zbekiston Respublikasiga o‘tkazilgan, Hukumat qarorlari va topshiriqlari hamda oliy ta’lim muassasalariga ega vazirlik va idoralar tomonidan davlat buyurtmasi bilan xorijga o‘qishga yuborilganlar bundan mustasno) topshiradi.
Fuqaroning maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasi Idoralararo komissiyaga taqdim etiladi. Maxsus sinov (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish shaklida) natijasidan kelib chiqib, fuqaro Idoralararo komissiya qarori bilan ko‘rsatilgan o‘quv shaklidagi guruhlarga ko‘chiriladi.
Ko‘chirilayotgan oliy ta’lim muassasasida tegishli o‘qitish tili mavjud bo‘lmasa, o‘qitish tilini tanlash fuqaroning arizasiga muvofiq amalga oshiriladi.
          24. Oliy ta’lim muassasasi rektorining talabani talabalar safiga qabul qilish to‘g‘risidagi buyrug‘i talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasidan uning shaxsiy yig‘ma jildi (shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda — akademik ma’lumotnomasi) olinib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni belgilangan muddatda amalga oshirgandan so‘ng 10 kun muddat ichida chiqariladi.
          25. O‘quv rejalardagi fanlari bo‘yicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi.
Joriy semestr davomida akademik qarzdorlik (farqlar) bartaraf etilgan muddatdan boshlab, oliy ta’lim muassasasi rektorining talabaga o‘rnatilgan tartibda stipendiya berish haqidagi buyrug‘i chiqariladi. Stipendiya miqdorini belgilashda fanlar bo‘yicha farqlarni topshirish ko‘rsatkichlari ham hisobga olinadi.
          26. Oliy ta’lim muassasasida yuridik shaxs bilan tuzilgan to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalar o‘qishini ko‘chirish ushbu yuridik shaxsning roziligi bilan amalga oshiriladi.

4-bob. Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini qayta tiklash

        27. Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o‘qishini qayta tiklash (keyingi o‘rinlarda Talabalar o‘qishini qayta tiklash deb ataladi) bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish bir yilda ikki marta amalga oshiriladi:
o‘qishini kuzgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 15-iyuldan 5-avgustga qadar;
o‘qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo‘yicha ariza topshirish — har yili 20-dekabrdan keyingi yilning 20-yanvariga qadar davom etadi.
Qayta tiklash bo‘yicha arizalarni oliy ta’lim muassasasi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik (idora) tomonidan ko‘rib chiqib qaror qabul qilish:
kuzgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 5-avgustdan 30-avgustga qadar;
bahorgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 25-yanvardan 15-fevralga qadar amalga oshiriladi.
     28. Talabalar safidan chetlashtirilgan fuqarolar o‘qishini boshqa oliy ta’lim muassasasiga mos (turdosh) ta’lim yo‘nalishi (mutaxassisligi)ga ko‘chirib tiklash to‘g‘risida ariza berish huquqiga ega. Bunda arizaga o‘qishni ko‘chirish tartibidagi hujjatlar taqdim etiladi.
           29. Talabalar o‘qishini qayta tiklash haqidagi arizani ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
ushbu Nizomning 6-bandida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha ariza ko‘rib chiqilib, oliy ta’lim muassasasi rektorining tegishli qarori qabul qilinadi va bu haqda ariza bergan shaxsga shaxsan ma’lum qilinadi;
ushbu Nizomning 7 va 8-bandlarida ko‘rsatilgan holatlar bo‘yicha arizalar tegishli vazirlik (idora) tomonidan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinadi va bu haqda ariza bergan shaxsga ma’lum qilinadi.
       30. Barcha o‘quv shakllari bo‘yicha talabalar safiga qayta tiklash to‘lov-kontrakt asosida mazkur Nizom talablariga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
Davlat grantlari bo‘yicha ta’lim olgan etimlar, I va II guruh nogironlar, shuningdek muddatli harbiy xizmatni o‘tagan (zaxiraga bo‘shagan kunlaridan boshlab uch yil mobaynida), akademik ta’tildan belgilangan muddatda qaytgan shaxslar istisno tariqasida, o‘qishga davlat grantlari o‘rinlariga qayta tiklanishi mumkin.
        31. Oliy ta’lim muassasasi rektorining talabani talabalar safiga qayta tiklash to‘g‘risidagi buyrug‘i (ko‘chirib tiklashda talaba ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasidan uning shaxsiy yig‘ma jildi (shaxsiy yig‘ma jild jo‘natilishi mumkin bo‘lmagan hollarda — akademik ma’lumotnomasi) olingandan keyin, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilganlar to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng) 10 kun muddat ichida chiqariladi.
          32. O‘quv rejalardagi fanlari bo‘yicha farqlar aniqlanganda talaba akademik qarzdor sifatida o‘qishga qabul qilinadi.
Joriy semestr davomida akademik qarzdorlik (farqlar) bartaraf etilgan muddatdan boshlab, oliy ta’lim muassasasi rektorining talabaga o‘rnatilgan tartibda stipendiya berish haqidagi buyrug‘i chiqariladi. Stipendiya miqdorini belgilashda fanlar bo‘yicha farqlarni topshirish ko‘rsatkichlari ham hisobga olinadi.
      33. O‘qishdan chetlashtirilgan (kursdan qoldirilgan) o‘quv yilida kursiga talabani o‘qishga qayta tiklashga (ko‘chirib tiklashga) yo‘l qo‘yilmaydi.
         34. Talabani boshqa oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirib qayta tiklashda uning ilgari ta’lim olgan oliy ta’lim muassasasi roziligi talab etilmaydi.
        35. O‘qishdan chetlatilganligiga 5 yildan 10 yilgacha muddat (harbiy xizmatda bo‘lganlik, uch yoshgacha bo‘lgan bolalarni parvarish qilish bilan bog‘liq mehnat ta’tili hamda sog‘liqni qayta tiklash vaqtlari ushbu muddatga kirmaydi) bo‘lgan hollarda talabalar o‘qishini qayta tiklash oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunuvidagi vazirlik va idoralar ruxsati bilan amalga oshiriladi.

5-bob. Oliy ta’lim muassasalari talabalarini o‘qishdan chetlashtirish

          36. Talaba oliy ta’lim muassasasidan quyidagi hollarda chetlashtirilishi mumkin:
a) o‘z xohishiga binoan;
b) o‘qishning boshqa ta’lim muassasasiga ko‘chirilishi munosabati bilan;
v) salomatligi tufayli (tibbiy komissiya ma’lumotnomasi asosida);
g) o‘quv intizomini va oliy ta’lim muassasasining ichki tartib-qoidalarini buzganligi uchun;
d) bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirganligi sababli;
e) o‘qish uchun belgilangan to‘lov o‘z vaqtida amalga oshirilmaganligi sababli (to‘lov-kontrakt bo‘yicha tahsil olayotganlar uchun);
j) talaba sud tomonidan ozodlikdan mahrum etilganligi munosabati bilan;
z) vafot etganligi sababli.
Harbiy xizmatni o‘tash, salomatligini tiklash, homiladorlik va tug‘ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari davrida talabaga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida akademik ta’til berilishi mumkin.
        37. Belgilangan muddatlarda fanlarni o‘zlashtira olmagan (akademik qarzdor bo‘lgan) talaba oliy ta’lim muassasasi rektori buyrug‘i bilan kursdan qoldiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.

Akademik qarzdorligi tufayli kursdan qoldirilgan talaba to‘lov-kontrakt asosida o‘qishini quyi kursdagi o‘quv semestri boshidan boshlashi mumkin. Qonun hujjatlariga muvofiq o‘quv jarayoni o‘qitishning modul tizimiga asoslangan oliy ta’lim muassasalarida akademik qarzdorligi tufayli kursdan qoldirilgan talabalar quyi kursdagi o‘quv semestridan boshlab o‘zlashtira olmagan fanlarini takroran o‘qiydi.
(37-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 9-avgustdagi 638-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 11.08.2018-y., 09/18/638/1690-son)
Kursdan qoldirilgan talaba ushbu Nizomning 36-bandidagi holatlar bo‘yicha talabalar safidan chetlashtirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.

      38. Oliy ta’lim muassasasi ma’muriyati tashabbusi bilan ushbu Nizomning 36-bandi “e)” kichik bandiga ko‘ra talabalarni o‘qishdan chetlashtirish talabalar kasaba uyushmasining yozma roziligini inobatga olgan holda (kasaba uyushmasi a’zosi bo‘lgan talabalar uchun) amalga oshiriladi. Shuningdek, talaba mazkur Nizomning 36-bandi “g)” kichik bandiga ko‘ra chetlashtirilayotgan holda, ta’lim muassasasining Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti bilan ham kelishilishi mumkin.
(38-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-sentabrdagi 712-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 37-son, 996-modda)
     39. Talaba oliy ta’lim muassasasidan chetlashtirilganda, unga (ota-onasi yoki huquqiy vasiysiga ularning arizasi bilan) shaxsiy hujjatlari, belgilangan shakldagi akademik ma’lumotnoma topshiriladi va ularning nusxasi shaxsiy yig‘ma jildga tikib qo‘yiladi.

6-bob. Yakunlovchi qoidalar

        40. Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash jarayonida shaxsiy yig‘ma jilddagi hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan yoki taqdim etilgan hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilganligi yoxud hujjatlar o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanmaganligi aniqlangan hollarda oliy ta’lim muassasasi rektori mazkur hujjatlarni tekshirish va buyruq chiqarmaslik huquqiga ega.
        41. Oliy ta’lim muassasasiga o‘qishini ko‘chirgan yoki qayta tiklagan talabalarning shaxsiy yig‘ma jildiga tegishli buyruqdan ko‘chirma, ariza va akademik ma’lumotnoma tikib qo‘yiladi.
         42. Oliy ta’lim muassasalari har yili Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga zarur miqdordagi akademik ma’lumotnoma blankalariga buyurtmalar beradilar.
Akademik ma’lumotnoma blanklarining qat’iy hisobi yuritiladi.
Akademik ma’lumotnoma blankalarining oliy ta’lim muassasalarida saqlanishi, ro‘yxatga olinishi va berilishi belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
    43. Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi taqdim etilgan hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilishi va ularning qonuniyligi uchun javobgarlik oliy ta’lim muassasalariga yuklanadi.
Zarurat bo‘lganda rektor hujjatlarni yuborgan oliy ta’lim muassasalaridan rasmiy xat bilan ma’lumotlar to‘g‘riligini tasdiqlashni so‘rashi mumkin.
          44. Oliy ta’lim muassasalariga talabalar o‘qishini ko‘chirish va tiklashiga asos bo‘lgan barcha hujjatlar vakolat doirasi bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar, shuningdek oliy ta’lim muassasalarida 3 yil davomida saqlanishi lozim.
       45. Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish to‘g‘risidagi qarorlardan norozi bo‘lganlar belgilangan tartibda, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
          46. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-son qaroriga 3-ILOVA