Ishlab chiqarish va oliy ta’lim hamkorligi

Mamlakatimiz agrar sohasida yuqori samaradorlikk erishish uchun zamonaviy texnika va texnologiyalarga asoslangan Agroklasterlar faoliyati bugungi kunda yuqori samara berayotganligidan ko‘pchilikning xabari bor. Bu hozirgi bozor iqtisodiyoti sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi. Albatta, ushbu sohani yanada rivojlantirish, sohaga ilg‘or xorijiy texnologiyalarni joriy etish, sohaning yetuk kadrlarini tayyorlash jabhada nazariya va amaliyotni, ilmni qo‘llab-quvvatlashni bugungi kunning o‘zi isbotlab turibdi.

Shu maqsadda 15-aprel kuni «O‘zAgroservis» AJ, “O‘zKeysservis” O‘zbek-Amerika qo‘shma korxonasi va Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti olimlari hamkorligida talabalarga o‘quv jarayonida real holatda ishlash jarayonini ko‘rsatib bera oladigan gorizontal shpindelli zamonaviy “Keys” paxta terish mashinasining apparati olib kelindi. Endilikda laboratoriya mashg‘ulotlarini real holatda o‘tkazish bo‘yicha sharoit yaratildi.

«O‘zAgroservis» AJ, “O‘zKeysservis” O‘zbek-Amerika qo‘shma korxonasi hamda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi asosida amaliy uchrashuv ham tashkillashtirildi. Uchrashuvda «O‘zAgroservis» AJ raisining birinchi o‘rinbosari Tursunov O‘ktam Mingboyevich, “O‘zKeysservis” O‘zbek-Amerika qo‘shma korxonasi raxbarining birinchi o‘rinbosari Davirov Sadriddin Rayimovich va institut rektori Umurzakov O‘ktam Pardayevich, birinchi prorektor Bahodir Mirzayev hamda professor-o‘qituvchilar, talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirda o‘rnatilgan hamkorlikni yanada kengaytirish 5+1 tamoyili asosida olib borilayotgan ishlarni, ya’ni nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirish borasida izchil harakatlarni kengaytirish ta’kidlab o‘tildi. Nazariya va amaliyotdagi bunday hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish va uni izchil rivojlantirib borish kelgusida yurt taraqqiyotining muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.

“Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash” fakulteti dekani Q.Shavazov axboroti

TIQXMMI matbuot xizmati