Atrof muhit va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik

8 iyun kuni ertalabdanoq institutimizda o‘zgacha shukuh va ruh hukmron bo‘ldi. Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI)qoshidagi innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar klasterining ochilish marosimi o‘zgacha tarzda kechdi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Urishevich Majidov, Respublika suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Rahimovich Xamraev singari bir qator nufuzli shaxslar, xorijlik mehmonlar ishtirok etishdi. Rektor O‘. Umurzakov markazning ochilishi nafaqat institutimizda, balki respublikamiz va boshqa hamkor mamlakatlar uchun ham katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdilar.

Ma’lumki, 2017 yil 23-avgustda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti (TIQXMMI) va Markaziy Osiyo hududiy ekologik markazi (MOHEM) hamkorlik haqidagi memorandumga imzo chekilib, unga muvofiq ilg‘or bilimlar va ilmiy tadqiqotlarning markazi tashkil qilingandi.

Memorandumning asosiy punktlari Markaziy Osiyodagi suv-yer resurslarini boshqarish va tabiatdan foydalanish sohasidagi loyiha va dasturlarini amalga oshirish da kuchlarni   birlashtirishga yo‘naltirilgan.

Institutimiz qoshidagi innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar klasteri markazi o‘qituvchi talabalarning ko‘rsatilgan sohalardagi loyihalarini amalga oshirishga jalb etish imkoniyatini beradi. TIQXMMIda Markaziy Osiyo hududlaridagi beshta mamlakatdan kelgan talabalar ta’lim oladilar.

Mazkur markazning maqsadi nou-xau  yaratish va ularni talabalar va yosh tadqiqotchilarga yetkazish orqali rivojlanish bo‘yicha loyihalarning natijaviyligi va barqarorligini ta’minlash hisoblanadi. Shuningdek, ilmiy faoliyatini omma orasida yoyish, mantiqiy hamda tahliliy fikrlash orqali mamlakatlarni hamkorlikka chorlash va tadbiq qilish ham ana shu maqsadning uzviy bir qismidir. Xorijiy mutaxassislar orasida to‘g‘ri muloqotni olib borish mahorati va taqdim qilish kalit maqsadlardan biri hisoblanadi.

Xuddi shu asosdagi vazifalarga quyidagilar kiradi.

  -  Loyihalarning tezkor boshqarish va ma’muriyatdan o‘tkazish jarayonini o‘ziga faol, istiqbolli talabalarni jalb qilib, bevosita oliygohda rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish.

- Loyihalarni strategik rejalashtirish, tashabbuskorlik bo‘yicha yosh mutaxassislarning strategik malakalarini o‘stirish, resurslar va moliyaviy manbalarni mobilizatsiya qilish, loyihaviy hujjatlarni tuzish, ish bo‘yicha yozishmalar va muzokaralar olib borish malakalarini o‘stirish, donorlar bilan ishlash va muomala qilish, smetalar tuzish.

- Mutaxassisning ish imidjini shakllantirish bo‘yicha MOHEM  va TIQXMMIning loyihaviy va ilmiy potensiali tajribasini uzatish to‘g‘ri rezyume yozish, tadqiqot qila olish mahorati, intervyudan o‘tish malakalari, kasbiy, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish va yosh olim va mutaxassislarning kasbiy tarmoqlarini rivojlantirish.

- Tanqidiy  fikrlash malakalarini rivojlantirish, ilmiy tadqiqot olib borishga bo‘lgan yondashuvlar, miqdor va sifat tadqiqotlarini olib borish, ma’lumotlarni tahlil qilish,  va ishlov berish hamda e’tiborli esse va maqolalar yozish muhim va strategik vazifa hisoblanadi.

Shuningdek, tadbirlarning tashkil etishda mavjud loyihalar ishida hamkorlik qilish va faol hamda yosh mutaxassislarni jalb etish, TED formatida taqdimotlar, aylana stollar, munozaralar, master klasslar o‘tkazish, tadqiqot yondashuvlari bo‘yicha ko‘rsatma va ilmiy yo‘nalishlar berish, xalqaro ekspertlar, TIQXMMIning sobiq talabalari va xorijda o‘qigan boshqa oliygohlarning sobiq talabalari va ishlab chiqarish mutaxassislarning jalb etish markazning metodologik asoslarini belgilaydi. Ayni paytda yoshlar o‘rtasida konkurslar o‘tkazish va xorijiy oliygohlarga xujjat topshirishda va stipendiyali dasturlarda ishtirok etish uchun hujjat topshirishda maslahatlar berish ham uning tarkibiga kiradi. TIQXMMI va Markaziy Osiyo xalqaro ekologik forum tashabbusi atrof muhit va barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikning mohiyatini to‘la ifoda etishi bilan qiymatlidir.

 

 

Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov