Muhim sanalar taqvimi
1. 10 aprel – buyuk o’zbek yozuvchi-ro’manisti, dramaturg, publitsist Abdulla Qodiriy (1894-1938) tavallud topgan kunining 125 yilligiga
Abdulla Qodiriy (1894-1938) |
Ulkan iste’dod egasi Abdulla Qodiriy 1894 yili 10 aprelda Toshkentda bog‘bon oilasida tug‘iladi. U dastlab musulmon maktabida, keyin rus-tuzem maktabi hamda Abulqosim shayx madrasasida ta’lim oladi; Moskvadagi adabiyot kursida o‘qiydi. 1917 yilgi oktyabr oyidagi davlat to‘ntarishidan so‘ng Eski shahar oziqa qo‘mitasining sarkotibi, “Oziq ishlari” gazetasining muharriri, kasabalar sho‘rosining sarkotibi, “Mushtum” jurnali tashkilotchilaridan biri sifatida ijtimoiy hayotga faol aralashadi. Uning asarlari vaqtli matbuotda Julqunboy, Ju-boy, Dumbulboy, Dumbulnisa, Kalvak Mahzum, Toshpo‘lat tajang, Ovsar kabi o‘nlab maxfiy imzolar bilan bosilib turadi. Abdulla Qodiriy 1914 yili Rahbarnisa Rasulmuhammadboy qiziga uylanadi. Ulardan Nazifa (1916), Habibulla (1918), Adiba (1924), Mas’ud (1928) hamda Anisa (1928) ismli farzandlar dunyoga keladi. Abdulla Qodiriy ijodiy faoliyatining boshlanishi 1910 yillarning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. “Sadoi Turkiston” gaztasining 1914 yil 1 aprel sonida, “Toshkent xabarlari” ustunida “Yangi masjid va maktab” sarlavhali xabar bosiladi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning “To‘y”, “Ahvolimiz”, “Millatimga bir qaror”, “Fikr aylag‘il” kabi she’rlari, “Baxtsiz kuyov” dramasi, “Juvonboz” hikoyasi chop etiladi. Adib ijodining boshlanish davri namunalari bo‘lgan bu asarlarda ma’rifatparvarlik ruhi, jadidona kayfiyat seziladi. Uning 1916 yilda yozgan “Uloqda” hikoyasi bilan dunyo adabiyotdagi nazariy mezonlarga mos keladigan o‘zbek realistik hikoyachiligini boshlab berdi. 1923 yili “Go‘zal yozg‘ichlar”da bosilgan “Jinlar bazmi” hikoyasi bilan keyingi nusxalari taqqoslanganda adib o‘z asarlari ustida qayta-qayta ishlagani, uning badiiyati va hayotiylik jihatlariga jiddiy diqqat qilganligi ayon bo‘ladi. Abdulla Qodiriy o‘z ijodiy taqdirini matbuot bilan bog‘ladi. Yuzlab publitsistik maqolalar, hajviy asarlar yozdi. “Kalvak Mahzumning xotira daftaridan”, “Toshpo‘lat tajang nima deydir?” kabi hajviy asarlari bilan adib kulgusi “xarakter kulgusi” darajasiga yetdi. Hayotni kuzatdi – insoniylik a’moliga nomuvofiq voqealarga nisbatan turli yo‘sinda hajviy-tanqidiy munosabatlarini bildirdi. Shu jarayonda “felyetonlar qiroli” nomini oldi. O‘z davrining ayrim adiblari bilan matbuotda bahslashdi. “Jasorat – ayb emas”, “Shallaqi”, “O‘jar ko‘r” nomli maqolalari bahslar natijasi o‘laroq maydonga keldi. 1926 yilda “Mushtum” jurnalida “Yig‘indi gaplar” maqolasi bosiladi. Aynan shu maqolasidagi “yuqori rahbarlarga tegadigan qaltis gaplari” uchun, ayrim muttaham hamkasblari oqibatida adib 1926 yili 8 mart kuni qamoqqa olinadi. “Abdulla Qodiriy – Julqunboyning 1926 yil 15-17 iyunda bo‘lib o‘tkan sudda so‘zlagan nutqi”da o‘sha maqolaning mohiyati, satirik janr tabiati, kulgining tiplari tahlil qilinib, undagi mulohazalar “Ovsar” tilidan faqat ishchi-dehqon manfaati kuzatilib aytilgani”ga, “hukumat kishilariga bo‘lgan gaplar, o‘rtoqlik hazili” ekaniga urg‘u beriladi. Chaqimchilar xususida yozadi: “Ammo bir necha shaxslar bu maqolani o‘zlarining, bilmadim, qandog‘dir tarozulariga solib, zararlik topishlari ersa g‘arazgo‘ylik, tirnoq ostidan kir izlashdan boshqa narsa emasdir”. Adib o‘z ijodini, o‘zi yozgan fikrlarni, o‘zining haqligini jasorat bilan isbot etadi va aytadiki: “Men to‘g‘rilik orqasida bosh ketsa “eh” deydirgan yigit emasman”. Navbatdagi yirik asarlaridan biri, adib 1932–1934 yillarda zamonaviy mavzuda yozgan “Obid ketmon” qissasi 1935 yili alohida kitob holida nashr qilinadi. Tabiiyki, adibning hajvchi, jurnalist, publitsist va tarjimon sifatidagi faoliyati ham tahsinga sazovordir. Garchand adib original asarlar yozib, o‘z xalqining ma’naviyati xazinasini bebaho durdonalar bilan boyitayotgan bo‘lsa ham, mustabid tuzum malaylari uni dushmanlikda aybladi. Abdulla Qodiriy manglayiga qatag‘on qurbonlari silkiga tizilishdek bir qismat bitilgan ekan. Adib 1937 yil 31 dekabr kuni hibsga olinib, 1938 yil 4 oktyabrida xalq dushmani sifatida qatl etiladi. Alohida ta’kidlash kerakki, Abdulla Qodiriy yozgan asarlar xususida o‘sha davrning Vadud Mahmud, Abdurahmon Sa’diy, Miyonbuzruk Solihov kabi munaqqidlari matbuotda turli yo‘sinda fikr bildirishdi. Sotti Husayning “O‘tkan kunlar” romani tanqidiga bag‘ishlangan alohida kitobi bosildi. Oybek esa “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li” nomli maxsus tadqiqot yozdi. Abdulla Qodiriy adabiy merosi o‘zidan keyingi o‘zbek adiblari ijodi uchun mahorat maktabi vazifasini o‘tadi. Qardosh xalqlarning romannavislari adibni o‘zlariga ustoz sifatida e’tirof etishdi. O‘zbek adabiyotshunosligida Abdulla Qodiriy hayoti va ijodiga oid I. Sulton, M. Qo‘shjonov, U. Normatov, A. Aliyev, I. Mirzayev, F. Nasriddinov, S. Mirvaliyev, N. Karimov, Sh. Turdiyev, A. Rasulov, X. Umurov, X. Ismatullayev, S. Meliyev, Sh. Rizayev, A. Ulug‘ov, M. Qarshiboyev, X. Lutfiddinova, I. G‘aniyev, A. Boboniyozov, S. To‘laganova, A. Qahramonov, L. Toshmuhammedova va boshqa turli avlodga mansub olimlarning kitoblari, o‘nlab ilmiy maqolalari, maxsus tadqiqotlari maydonga keldi. Adib avlodlari – H. Qodiriy “Otam haqida”, “Qodiriyning so‘nggi kunlari”, Sh. Qodiriy “37-xonadon” kabi o‘z ota-bobolari to‘g‘risida qimmatli kitoblar yozishdi. O. Yoqubov, P. Qodirov, T. Malik, O‘. Hoshimov, X. Sulton, X. Do‘stmuhammad, N. Boqiy va boshqa o‘zbek adiblarining e’tiborga molik adabiy maqolalari, suhbatlari, badiiy asarlari paydo bo‘ldi. Shuningdek, qodiriyshunos sifatida N. Tun, I. Baldauf, Z. Klaynmixel, E. Olvort, X. Murfi, E. Nabi, A. Merxan kabi xorijlik olimlar adib ijodi yuzasidan tadqiqotlar olib borishdi. Xullas, Abdulla Qodiriy hayoti va ijodini o‘rganish, adib ijodiy merosidan, xususan, “O‘tkan kunlar” romanidan bahramand bo‘lish – bu doimo davom etadigan, avlodlar nazdida yangilanib turadigan sog‘inchli, ayni damda, o‘tmishga aylanmaydigan adabiy va abadiy qadriyatlar sirasiga kiradi. |