Ruhiy qoʼrquvni yengish

28-yanvar kuni 1-TTJda intitut psixologi M. Muxamedova YERB fakulteti 1-kurs talaba yigitlari bilan “Psixologik qoʼrquvni yengish” mazusida trening mashgʼulot oʼtkazdi. Bu mavzuda trening oʼtkazish va trener – boshlovchi boʼlish taklifini 1-kurs talabasi Z. Yuldashev berdi. Talabalarning faolligini oshirish maqsadida talabaning taklifi inobatga olinib dastur tayyorlab, trening oʼtkazildi. Har doimgidek “Аvval salom baʼdaz kalom” deganlaridek, ishtirokchilar trening dasturini “Oʼrgimchak toʼri” oʼyini yordamida salomlashib, oʼz ismlari va ismlariga qoʼshib yoqimli taxllus qoʼshib aytish orqali tanishib olishdi. Bunda trener ip – toʼpchani bir uchini qoʼliga olib oʼz ismi va atroflagilar uni qanday taxallus bilan chaqirishlarini istasa, oʼsha nomni qoʼshib, toʼpchani qarshisidagi ishtirokchiga otadi. Oʼyin shu taxlit davom etadi va natijada oʼrgimchak toʼri hosil boʼladi. Ishtirokchilarda jamoa boʼlib ishlash, bir – birlarini qoʼllab – quvatlash koʼnikmasini oshirish maqsadida oʼrgimchak toʼri ustiga bir nechta shar tashlab, yerga tushirib yubormay, yuqoriga otib oʼynash koʼrsatmasi berildi. Barcha ishtirokchilar bu oʼyinda faol qatnashishdi va kayfiyatlari koʼtarildi. Keyingi trening mashgʼulot “Qaerda oʼzimni xotirjam sezsam, men oʼsha yerdaman” deb nomlanadi. Bunda ishtirokchilar 3-4 daqiqa davomida koʼzlarini yumib, Rumiy hazratlari “Koʼzni yumgil koʼzga aylansin koʼngil” deganlaridek , koʼngilni koʼzga aylantirib, xayolot olamlariga sayr qilishdi.

Bu relaksatsion trening jismoniy va aqliy zoʼriqishlardan xalos etib, ijobiy hissiyotlarni kuchaytirishga moʼljallangan. Soʼngra “Quyosh” trening mashgʼuloti oʼtkazildi. Bu trening orqali ishtirokchilarda oʼzlariga boʼlgan ishonchni va oʼz qadr-qimmatlarini oshirish maqsad qilingan. Har bir ishtirokchiga quyoshli smaylikchalar tarqatildi. Ishtirokchilar quyosh nurlariga oʼz xarakterlaridagi ijobiy xususiyatlarini yozishdi va oʼqib berishdi. Barcha ishtirokchilar oʼz yozganlarini oʼqib boʼlishgach, muhokama qilindi. Trening soʼngida barcha ishtirokchilardan mini soʼrovnoma olib, trening haqidagi fikrlari tinglab oʼtildi. Аyniqsa YERB fakultet yoshlar bilan ishlash dekan oʼrinbosari H. Eshova va institut psixolgi M. Muxamedovalar talabalar qatorida treningda ishtirok etishgani talabalarda juda maʼqul keldi. Treningda trenerlik qilgan Z. Yuldashevda ham oʼziga nisbatan ishonch va ommaviy davralarga chiqqanda hayajonni boshqarish koʼnikmasi hosil boʼldi. Bundan keyingi treningda YERB fakulteti 1-kurs talabasi O.Umaraliev trenerlik qilish taklifini bildirdi. Tadbir qizgʼin tarzda nihoyasiga yetdi.

TIQXMMI matbuot xizmati