“Ustozlar-yurtning eng aziz, eng ulug’ va mo‘tabar kishilaridandir”
USTOZ, O‘QITUVCHI, MURABBIY! Bu so‘zlar zamirida, o‘z hayotini ta’lim-tarbiyaga baxshida etgan fidoyi insonda olam-olam ma’no mujassam: barchaning ma’naviy ota-onasi; ilmu ma’rifatga yo‘llovchi, ziyo tarqatuvchi; eng yaqin do‘st va yo‘l ko‘rsatuvchi; mehr va odamiylik bulog‘i; o‘z sohasining zukko bilimdoni; adolat va haqiqat mezoni. Ustozlar hurmatga, qilgan xizmatlari esa tahsinga sazovordir. Mustaqillik sharofati tufayli mamlakatimizda ustoz-murabbiylarga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaydi. Yurtimizda bugungi kunda ustozlarga barcha imkoniyatlar, shart – sharoitlar yaratilgan. Ularning mehnatlari e’zozlanib yurtimizda 1 oktyabr – “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Ularning faoliyati doimo munosib taqdirlanadi va qadrlanadi. Shu bois ustozlarimiz doimo e’zozda va e’tirofda.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filialida ham jonkuyar, mehribon, o‘z kasbining mohir mutaxassislari yoshlarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Ularning g‘amxo‘rligi, e’tibori, fidoiyiligi bois yoshlarimiz o‘zlari tanlagan soxalarida kasbiy bilimga ega bo‘lib, barkamol, komil inson bo‘lib voyaga etmoqda. Filial direktori, Z.M.Muqimov tashabbusi bilan ustozlar mehnati yanada qadrlanib, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Qarshi filialida har yili o‘tkazilib kelinadigan “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami bu yil ham o‘zgacha shodiyona va tayyorgarliklar ostida olib borildi. Tadbirda mehnat faxriylari, professor-o‘qituvchilar, rahbar xodimlar va talabalar ishtirok etishdi. Tadbirni filial direktori, Z.M.Muqimov ochib berdi.
Tadbir jarayonida filial talabalari tomonidan bayram tabriklari, ustozlarni madh etuvchi she’rlar, qo‘shiq va raqslar ijro etildi. Bu kabi tadbirlar natijasida yoshlarimiz o‘rtasida ustozlarga bo‘lgan e’tibor, ularning mehnatlarini qadrlash, e’zozlash fazilatlari shakllanishiga erishildi. Mashaqqatli, ammo sharafli kasblarida barcha ustoz-murabbiylarga salomatlik, umrboqiylik va baxtli hayot nasib etsin. Shijoat va matonat hech qachon ularni tark etmasin. Hamisha shogirdlar ardog‘ida yurishni, bosib o‘tgan hayot yo‘llarining har bir lahzasi asrlarga tatigulik bo‘lishini tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustoz va murabbiylar!