Yurtga sadoqat - chin sadoqat
Ustoz bogʼbon kabi yaratuvchan kasb sohibi. Bogʼbonning mashaqqatli mehnati samarasi oʼlaroq yetishtirilgan noz-neʼmatlaridan xalq bahramand boʼlganidek, ustoz igna bilan quduq qazish barobarida, qalb qoʼrini baxsh etib, ilmiy va hayotiy saboqlar berib tayyorlagan mahsuli – shogirdlari siymosida mamlakatni taraqqiy ettirish, xalq farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Аna shunday yuksak saodatga musharraf boʼlib, oʼzining koʼp yillik mehnat faoliyati mobaynida bir necha shogirdlar tayyorlagan fidoyi insonlardan biri, "Gidromelioratsiya" fakulteti geologiya-minerologiya fanlari nomzodi, dotsent, Yusupov Giyos Usmonovichdir 80 yoshni qarshilayotgan ustozning bugungi gʼayrat-shijoati, yuksak ruhiyati, aytish mumkinki, yoshlarimiz uchun tom maʼnoda oʼrnakdir.
Yusupov Giyos Usmonovich hamisha insonlar ogʼirini yengillashtirishga, ularga qoʼlidan kelgancha yaxshilik qilishga intildi. Doimo ilm ahlini qadrlab, shogirdlarini ham shunga daʼvat etdi. U kishi yoshlarga ilm yoʼlida hech kimga hasad qilmasdan, muvaffaqiyatlardan havolanib ketmasdan halol va sofdil boʼlish zarurligini uqtirib kelgan. Biz shogirdlar unga munosib boʼlishdek yuksak masʼuliyatni doimo his qilib turamiz. Yurtga sadoqat bilan xizmat qilishni oʼzining oliy saodati deb bilgan ustozimizni fakultet jamoasi, “Gidrologiya va gidrogeologiya” kafedrasi aʼzolari, muborak 80 yoshga toʼlishi munosabati bilan samimiy tabriklaydilar.
TIQXMMI matbuot xizmati