Institutda navbatdagi “Xalqaro yozgi maktab” tashkil etildi

       Hozirgi kunda qishloq va suv xo‘jaligi sohasida yer va suv resurslarini boshqarishda zamonaviy Geoaxborot tizimlari (GAT)dan foydalanish alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bunday tizimdan foydalanish mutaxassisdan chuqur bilim va zamonaviy kompyuter dasturlaridan faol foydalanishni talab etadi.

 

         Shu maqsadda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida joriy yilning 25 iyun - 4 iyul kunlarida Xalqaro suv resurslarini boshqarish (IWMI) instituti bilan hamkorlikda “GAT asoslari va uning yer-suv resurslarini boshqarishdagi imkoniyatlari” mavzusida O‘rta Osiyo respublikalarida qishloq va suv xo‘jaligi sohasida ta’lim olayotgan talaba-magistrantlar va mutaxassislar uchun xalqaro yozgi maktab tashkil etildi. Makzur maktabga Qozog‘iston milliy agrar universiteti, Tojikiston davlat agrar universiteti hamda respublikamizdan TIQXMMI, O‘zbekiston Milliy universiteti talabalari, O‘zgidromet markazi mutaxassislari tinglovchi sifatida qabul qilindi.

        Tinglovchilar tahsil davomida GAT asoslari, kosmik tasvirlarni (Landsat, Sentinel, Modis) raqamlash, hududlarning yer va suv ma’lumotlarini tahlil qilish, yer qatlamini tasniflash, Google Earth, SAS Planet ma’lumotlarini QGIS da shakllantirish bo‘yicha muayyan ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lishmoqda. Bu o‘z navbatida bo‘lajak mutaxassislarni egallayotgan sohalarini yanada chuqurroq zamonaviy bilimlarga ega bo‘lishini ta’minlashga katta hissa qo‘shadi. Ushbu yozgi maktab IWMI tashkilotining yetakchi GIS mutaxassisi Zafar Gafurov boshchiligidagi trenerlar tomonidan olib borildi.

  

 

    Xalqaro yozgi maktabda tinglovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilib, darslardan bo‘sh vaqtlarida Toshkent va Samarqand shaharlarining diqqatga sazovor tarixiy obidalariga sayohatlar, teatrlarga tashriflar uyushtirilmoqda.

 

 

Kursning tashkil etilishi bo‘yicha tinglovchilar quyidagi fikrlarni bildirishdi:

 

Laylo Saidmaxmudova (O‘zgidromet markazi mutaxasissi): Ma’lumki, hozirgi davrda har bir sohaga innovatsiyalar jadallik bilan kirib bormoqda. Ob-havo va iqlimiy ma’lumotlar bilan xalq xo‘jaligining turli sohalarini tezkor ta’minlashda masofaviy zontlashning zamonaviy usullaridan foydalanish darkor. Ushbu treningda biz olgan foydali ma’lumotlarimiz kelgusi ilmiy-amaliy ishlarimizda samarali xizmat qiladi.

Gaipov Baxtovar (Tojikiston davlat agrar universiteti katta o‘qituvchisi) – O‘zbekiston Respublikasi poytaxti Toshkent shahriga kelganimdan juda ham hursandman. Yozgi maktabni tashkil qilgan TIQXMMI rahbariyatiga hamda darslarni olib borgan IWMI hodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman. Hozirgi kunda GAT juda ham zamonaviy texnologiya hisoblanib ayniqsa, bizni geoinformatika sohasiga juda ham zarur va foydali hisoblanadi. Bu 10 kunlik yozgi maktabda juda ham foydali ma’lumotlarga ega bo‘lish bilan birgalikda go‘zal Toshkent shahrini va tarixiy qadriyatlarga boy  Samarqandni aylanishga musharraf bo‘ldim. Kelajakda ushbu yozgi maktabda olgan bilimlarimni amalda qo‘llab, o‘z mamlakatimiz rivojiga hissa qushish umididaman.

Xayranov Tofik (Qozog‘iston milliy agrar universiteti talabasi) – Toshkent shahriga kelganimdan juda ham mamnun bo‘ldim. Ushbu safar juda unumdorli va qiziqarli tarzda o‘tmoqda. Yozgi maktab darslari jarayonida GAT texnologiyalari va uni qo‘llash usullari haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Shu bilan birgalikda Toshkent va Samarqand shaharlarini ziyorat qildim va bu menda katta taassurot qoldirdi. Bu diyorga yana bir bor kelishdan xursand bo‘lar edim.

         TIQXMMIda Xalqaro suv resurslarini boshqarish (IWMI) instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu xalqaro yozgi maktab kelgusi yillarda yer va suv resurslarini boshqarishda zamonaviy ilg‘or usullardan foydalanishga bag‘ishlangan xalqaro kurslarni ko‘paytirish, ularning samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, OTMlar va xalqaro institutlar bilan integratsiyasini jadallashtirishni o‘z oldiga maqsad qilgan.