Tinchlik ne’matini his etib...
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-oktabrdagi «Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida»gi qarori asosida Toshkent shahrining Olmazor tumanida «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi hamda uning hududida «Shon-sharaf» davlat muzeyi bunyod etilgan edi. Institutimizning bir guruh 2-bosqich magistrantlari 5 may kuni Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 76 yilligi oldidan ushbu bog‘ga tashrif uyushtirishdi. Har bir yurtdoshimiz «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasiga tashrif buyurar ekan, bu yerdagi eksponatlarni ko‘rib qalbi hayajonga to‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini tashabbusi bilan O‘zbekiston xalqining II jahon urushida ko‘rsatgan beqiyos jasoratini abadiylashtirish maqsadida bunyod etilgan «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi va «Shon-sharaf» davlat muzeyi ekspozitsiyalari xalqimizning urush yillarida ko‘rsatgan mardlik va matonatini, yuksak insoniy fazilatlarini namoyon etish hamda yosh avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Tashrif davomida magistrantlarimiz faxriy harbiy xizmatchilar bilan suhbatlar uyushtirib, o‘lmas polk chiqishlaridan bahramand bo‘lishdi. Bu majmua bizni bugungi tinchlik-osoyishtalik, musaffo osmon, farovon hayot qanchalik bebaho ne’mat ekanligini, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash muqaddas burch ekanligini anglatadi.
TIQXMMI matbuot xizmati