Viloyatlar tomon aniq maqsadlar sari
Institutimizda “Innovatsiya” guruhi deya nom olgan Gidromelioratsiya fakulteti “Suv xo‘jaligida innovatsion texnologiyalar va ulardan foydalanish” taʼlim yo‘nalishi 307-guruh talabalari guruh murabbiyi Sanobar Do‘stnazarova boshchiligida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan maktab o‘quvchilari va alohida maktab bitiruvchilari uchun qiziqarli ochiq darslar tashkil etishni anʼanaga aylantirib, o‘tgan oylar davomida sezilarli natijalarga erishganliklari xususida avval ham xabar bergan edik. Ushbu guruh fidoiylarining endigi maqsadi o‘z anʼanalarini Respublikamiz viloyatlari, chekka tumanlari bo‘ylab davom ettirishdir.
Ezgu maqsad sari intilayotgan ushbu jamoaning viloyatlar tomon ilk tashrifi Jizzax viloyatining Baxmal tumanidan boshlandi. Baxmal tumaniga yetib kelgan “Innovatsiya” guruhining iqtidorli talabalari Аzizbek Hasanov va Jahongir Muxtorovlar hamda ularning guruh murabbiyi Sanobar Do‘stnazarova tashrifni rejaga muvofiq tumanning “Mo‘g‘ol” qishlog‘ida joylashgan 45-umumiy o‘rta taʼlim maktabi va “Novqa” qishlog‘ida joylashgan 11-umumiy o‘rta taʼlim maktabi bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuvlar tashkil etib, ularni taʼlimning keyingi bosqichiga jalb etish, xususan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti haqida o‘quvchilarga ko‘proq maʼlumotlar berish, berilgan maʼlumotlarni avvaldan tayyorlangan videoroliklar hamda taqdimotlar yordamida chuqurroq yoritishga harakat qilindi. Taqdimotlarda asosan institut faoliyati haqida umumiy maʼlumotlar, fakulьtetlar va taʼlim yo‘nalishlari, talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlar, institutga kirish uchun imtixon topshiriladigan fanlar, o‘tgan yillardagi kirish ballari bo‘yicha ko‘proq maʼlumotlar bitiruvchilarga yetkazildi.
Аmalga oshirilgan tashrif nafaqat maktab bitiruvchilari, shuningdek, maktab rahbariyati va o‘qituvchilari tomonidan ham katta qiziqish bilan qarshi olindi. Maktab direktorlari tomonidan bildirilgan fikrga ko‘ra, ushbu maktab bitiruvchilarining o‘tgan yillar davomida Oliy taʼlim muassasalariga kirish ko‘rsatkichlarining pastligi asosan bitiruvchilarning Oliy taʼlim muassasalari haqida yetarlicha maʼlumotga ega emasliklari hamda ularda qiziqish va ishtiyoq uyg‘otish uchun institutlar tomonidan mana shunday uchrashuvlarning Respublikamiz olis tuman va qishloqlarida deyarli tashkil etilmasligidan deya baholandi. Maktab tarixida ilk bora deya taʼriflangan tashrif va tashkil etilgan yuqori saviyadagi uchrashuv hamda qizg‘in savol-javoblar uchun maktab rahbariyati, pedagoglar jamoasi va maktab ota-onalar Kengashi tashkilotchilarga, institut rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik bildirishdi. Kelgusida bunday uchrashuvlarni yanada ko‘proq tashkil etishga va Respublikamizda karantin cheklovlari yumshatilgandan so‘ng maktab o‘quvchilarining Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi. Jamoaning viloyatlar tomon tashrifining ilk kuni mana shunday yakunlandi.
Gidromelioratsiya fakulteti 307-guruh talabasi Аzizbek Hasanov axboroti
TIQXMMI matbuot xizmati