Abadiyаt va adabiyоt sajdagohi
“Adiblar xiyoboni”ga tashrif buyurish chinakam ma’noda ma’naviy ziyoratdir . Boshqacha bo’lishi ham mumkin emas. Sababi bu yerga adabiyot va san’atni qadrlagan, yigirma to’rtta haykal poyiga gulchambar qo’yish bilangina emas, balki o’zining ma’naviy tashnaligini qondirish, ma’rifatga oshnaligini bildirish uchun ham tashrif buyurishadi. Kuni kecha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari, institut xotin qizlar kengashining hamda axborot resurs markazi xotin-qizlarining tashabbusi bilan tashkil etilgan Abdulla Oripov haykali poyidagi ma’rifiy suhbat ham yuqoridagi fikrimizga dalildir.
Tadbirda institut Yoshlar bilan ishlash bo’yicha prorektor Ro’zimurat Choriyev so’zga chiqib, shoir ijodiyoti va faoliyatini ommalashtirish borasida qilinayotgan ishlarga bir karra to’xtalib. Abdulla Oripovning adabiy merosiga daxldor bo‘lgan tayyorlanayotgan hujjatli film haqida ham muxtasar shaklda axborot berib o’tdi. Tadbirda Qoraqalpog’iston xalq shoiri Rustam Musurmon so’zga chiqib Abdulla Oripovning gigant shoir bo’lgani, hali ko’plab yosh ijodkorlarga ibrat maktabi bo’lishiga haqli ekani borasida to’lqinlanib so’zlash asnosida o’z xotirotlarini o’rtoqlashdi. So’ngra O’zbekiston bastakorlar uyushmasining raisi, davlat mukofoti laureati atoqli kompozitor Rustam Abdullayev shoir bilan bog‘liq xotirotlar haqida so’zlab, shoirning yigirma oltita she’ri asosida yaratilgan madhiyalar to’g‘risida so’z ochdi. Keyin esa O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, iste’dodli shoir Bobir Bobomurod Abdulla Oripov barcha shoirlarga ustoz bo’lganligini, she’r tabiati va xususiyatini shoirning ijodiyotidan ta’sirlanib, o’rganib qo’liga qalam olgani borasida so’z yuritdi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist Ahmadjon Dadayev shoir qalamiga mansub bo’lgan she’r asosidagi dilbar ashulani aytib barchaning ko’nglini xushnud etdi, Hatto tomchilayotgan yomg’irni ham sezishmadi.
Institutimiz talabalaridan Dilnozaxon va Samandarning “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” qo‘shig‘ini jo‘rovoz bo‘lib ijro etishi go’zal manzara kasb etdi. Ulug‘ shoirimizning farzandlari Shoiraxon Oripova ham institut jamoasiga minnatdorchilik bildirib, qilinayotgan ishlar hali ancha ekanligini ta’kidlab o’tdi. O’z minnatdorchiligi yo’sinida otasining “Ishonch ko’priklari” nomli she’rini o’qib barchani xushnud etdi. Keyin institut xotin-qizlar kengashi raisasi, professor Zuxra Ismoilova o’z mulohazalarini bildirib bunday yo‘sindagi tadbirlarning ahamiyati borasida to‘xtaldi.
Shoir she’riyatiga muhabbat timsoli o’rnida urushi yillarida, front ortida zahmat chekkan, fidoyi, sadoqatli ayollarning ramzi sifatida yozilgan ulug‘ shoirning Ayolga qasida she’rini mohirona o’qib berish Ra’noxon Kodirovaga xos bo’lgani barchaning qalbiga iliqlik baxsh etdi. Buni esa institut professor-o‘qituvchilari nomidan shoir she’riyatiga mehrning ifodasi bo‘ldi deyish o‘rinlidir. Ushbu she’rni shoir ijodiyotida muhim va muqim o’rin tutgan xotin-qizlar haqidagi, madhiya, faxriya darajasidagi o’zbek ayoliga qo’yilgan haykal desak, mubolag‘a bo’lmaydi.
Tadbir institutimiz o‘qituvchisi Abduhakim Axmedovning shoirning she’riy guldastasiga aylangan muhabbat haqidagi taronasini avj pardalarda kuylashi bilan nihoyaiga yetdi. Yakuniy qismda hamma esdalik uchun shoir haykali poyida rasmga tushishdi.
TIQXMMI matbuot xizmati