Muhtarama ayol xonadonida
Hammamizga ma’lumki, 1945-yil 9-may - jahonni larzaga solgan, millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan, hayotini izdan chiqargan, qalblarini majruh qilgan fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni. Mana shu ulug‘ ayyom kunida hammamiz eng avvalo, urush maydonlaridan qaytmagan ming-minglab yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib, ularning ruhi poklariga hurmat bajo keltirmoq burchimizdir. Ushbu kunni keng miqyosda nishonlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 20 apreldagi “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5081-sonli qaroriga asosan Respublikamizning barcha hududlaridagi kabi institutimizda ham 9-may “Xotira va qadrlash kuni” nishonlanmoqda. Jumladan, institutga yaqin mahallalarda istiqomat qiluvchi “Ulug‘ vatan” urushi qatnashchilari hamda institutning faxriy ustozlari hurmat va e’zozlanmoqda.
Ushbu xayrli ishlarda “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasining bir guruh prof-o‘qituvchilari ham chetda turmasdan Lashkarbegi MFY raisining xotin qizlar masalalari bo‘yicha muovini Zulfiya Rasuliy bilan birgalikda shaxrimizning Mirzo Ulug‘bek tumani Lashkarbegi MFYda istiqomat qiluvchi, 97 yoshli muxtarama ayol, “Ulug‘ vatan” urushi qatnashchisi, qator orden va medallar sohibi, mehnat faxriysi SHevchenko Ekaterina Nikolaevna xonadonida mehmon bo‘ldilar, unga institut raxbariyatining sovg‘asi hamda institut rektori prof. U.Umurzakovning samimiy tabriklarini etkazdilar.
Tashrif davomida Ekaterina Nikolaevna urush haqida so‘zlar ekan: urush yillarida 16 yoshda, harbiy gospitalda xamshira bo‘lganligini, ming-minglab askarlarga tibbiy xizmat ko‘rsatib, ularning jonlarini asrab qolganligi haqida so‘zlab berdi. Tashrif samimiy suhbatlarga boy bo‘ldi, tashrif so‘ngida osoyishta hayotimizning qadriga etish, tinchlik, osoyishtalik nechog‘lik buyuk ne’mat ekanligi dil-dildan e’tirof etildi.
TIQXMMI matbuot xizmati