Buyuk xalqning suyuk farzandi
Mangulikka muhrlanish mezoni xalq manfaati uchun o‘zining huzur-halovatidan kechish bilan izohlanadi. Butun umri mobaynida Xoliqning roziligini o‘z xalqi roziligidan topishni niyat qilgan, fidoyi bo‘lish sharafini diliga tukkan hazrat Navoiy ana shunday buyuk va suyuk siymodir. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida 7 fevral kuni buyuk bobomiz tavalludining 579 yilligiga bag‘ishlangan an’anaviy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Tolib Mo‘minov, taniqli aktrisa Nigina Anorboyeva hamda Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi rahbari Nilufar Yo‘ldosheva va iste’dodli o‘quvchilari ishtirok etishdi. Abdulla Qodiriy ijod maktabida ta’lim olayotgan yosh o‘quvchilar institutimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi, Axborot resurs markazi hamda yoshlarga keng imkoniyatlarni o‘zida mujassam qilgan xonalar bilan yaqindan tanishtirildi.
Dastlab, Nigina Anorboyeva va Tolib Mo‘minov Alisher Navoiy adabiyot, ma’naviyat va ma’rifat, tilshunoslik ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan serqirra ijodkor sifatida jahon olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilayotganini ta’kidladi. Xalqimiz, ayniqsa yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, inson omiliga ustuvor ahamiyat qaratish borasidagi ezgu say’-harakatlar bugungi kunda izchil davom ettirilmoqda. Bu jihatlar buyuk ajdodlarimiz boy ma’naviy merosini o‘rganish, ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, bu yo‘nalishda mukammal tadqiqotlar olib borish, bebaho ijodidan xalqimizni bahramand etishda yaqqol namoyon bo‘layotganini aytib o‘tdi.
Navoiy deganda, har birimizning qalbimiz cheksiz faxru iftixorga to‘ladi. Yurtimizda ul zot ijodini puxta o‘rganish, asarlarini qayta va qayta o‘qish, to‘liq nashr etish, ularda ulug‘langan g‘oyalardan yosh avlod tarbiyasida keng foydalanish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning odamlar orzu-umidlariga yelkadosh bo‘lish, milliy adabiyotimizga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish, borasidagi ezgu tashabbuslari Navoiy asarlarida ulug‘langan hayotbaxsh g‘oyalar bilan hamohangdir. El-yurtga naf keltirishni oliy saodat deb bilgan Alisher Navoiyning insoniylik, xalqparvarlik, tinchlik va osoyishtalik tarannum etilgan asarlari dunyoning ko‘plab tillariga tarjima qilingan va bu ezgu ish davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston xalq artisti Maqom xonandaligi kafedrasi mudiri, professor Munojot Yo‘lchiyeva mutafakkir bobomiz g‘azallari bilan kuylanuvchi ashulalardan ijro etdi. Bunday ma’rifiy tadbirlar, ijodiy muloqotlar, anjumanlar mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda. Abdulla Qodiriy ijodiy maktabi direktori va boshqalar bugungi murakkab globallashuv zamonida yoshlarni milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda Navoiy merosi g‘oyat dolzarb ahamiyat kasb etayotganin ta’kidladi.
Tadbirda Abdulla Qodiriy ijodiy maktabi o‘quvchilari Navoiy g‘azal va ruboiylari, hikmatli so‘zlarini o‘zbek va ingliz tillarida o‘qib berdi. Ushbu tadbirda fakultet talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy chiqishlar institutimizga tashrif buyurgan mehmonlarimiz ko‘nglida chuqur taassurotlar qoldirdi, iqtidorli talabalarimizni o‘z ijod maktablariga taklif etishdi. Yurtimizda yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan albatta, samarali foydalangan holda iqtidorli talabalalarimizni o‘z iqtidorlarini namoyish qilishda o‘z hissamizni qo‘shamiz.
"Suv xo‘jaligini tashkil etish va boshqarish" fakulteti yoshlar yetakchisi H. Iskandarov va Yoshlar bilan ishlash bo‘limi axboroti
Institut matbuot xizmati Rahimboy Jumaniyozov