Barhayotlik belgisi
Mana, bugun Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutining bir guruh professor-o‘qituvchilari va iqtidorli talabalari Adiblar xiyobonida buyuk o‘zbek xalqining buyuk adibi Abdulla Oripov siymosi aks etgan haykal qoshida jam bo‘lishgan. Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Sirojiddin Saidov, iste’dodli shoir Rustam Musurmon va professor Qiyomiddin Nazarovlar ishtirok etishib, davlat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov dahosi va zakosi borasida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdilar.
"Adabiyotga yaqinlashish ma’rifat, ma’naviyat, madaniyat bilan oshna bo‘lish demakdir", - deydi TIQXMMI Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor R. Choriev. Ushbu xayrli va ma’rifiy maqsadni nazarda tutgan holda, tashabbus bilan chiqqan Prezidentimizning "Adabiyot xalqning yuragi, elning ma’naviyatini ko‘rsatadi. Bugungi murakkab zamonda odamlar qalbiga yo‘l topish, ularni ezgu maqsadlarga ilhomlantirishda adabiyotning ta’sirchan kuchidan foydalanish kerak" - deyishlarida ulkan maqsad, ommani ilmga, kitobga chorlash niyatlari borligini anglash qiyin emas. Shuning uchun ham so‘lim bog‘da jamuljam bo‘lgan ma’rifat va adabiyot darg‘alarining har biri ma’naviyatning mayog‘i sifatida dillarni yoritadi. Eng ahamiyatli jihati shundaki, har bir oliy ta’lim muassasasiga ulardan biri biriktirilgan bo‘lib, o‘sha ta’lim maskanining talabalaridan tortib professor o‘qituvchilarigacha belgilangan adibning hayotiy va ijodiy faoliyatiga doir ma’lumotlarni to‘la o‘rganib targ‘ib qilishi talab etiladi.
Institutimizda ham adibning ijodini targ‘ib qilish maqsadida yo‘l xaritasi ishlab chiqilib shoir ijodi va hayot yo‘liga bag‘ishlangan ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejalashtirilgan. Jumladan, institutimizda Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan muzey ochish, adib ijodi va hayot yo‘liga bag‘ishlangan turkum onlayn-vebinarlar tashkil etish, Abdulla Oripov tug‘ilib o‘sgan Qashqadaryo viloyati Koson tumaniga talabalar sayohatini uyushtirish, shuningdek, institutda Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash va shu munosabat bilan respublika miqyosida konferensiya tashkil etish, Abdulla Oripovning oila a’zolari bilan yaqin aloqa o‘rnatish hamda hujjatli film yaratish, Institutda “Abdulla Oripov izdoshlari” to‘garagini tashkil etish, adib nomidagi stipendiya joriy etish, Qarshi shahridagi Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda tadbirlar tashkil etish biz kelgusida amalga oshiradigan rejalarimiz hisoblanadi. Bu kabi ishlar institutda tahsil olayotgan har bir talabaning ko‘nglida adabiyotga bo‘lgan mehrini oshirishida, qolaversa millatimizning buyuk vakillarini yaqindan tanishiga ma’naviy va ma’rifiy ko‘prik bo‘lishini hech kim inkor eta olmaydi.
TIQXMMI matbuot xizmati