Nobel mukofoti sovrindori Dan Shextman institutimizda

Buyuklarning tashrifida hikmat bo‘lgani kabi taklifda ham hurmat bor. Har ikkalasi uyg‘un bo‘lganda, ulug‘vor maqsadlar sari tashlangan qadam, dadil va qutlug‘ bo‘lishi muqarrar. Bu esa jahon tamadduniga, ilmu faniga ulkan hissa qo‘shgan insonlarning e’tibori va ehtiromi bilan bog‘liq.

2019 yil 7 noyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Nobel mukofoti sovrindori Dan Shextman bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvda institutda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda xorijiy talabalar ham ishtirok etishdi. Tadbirni institut rektori, professor O‘. Umurzakov boshqarib bordi. Uchrashuvda buyuk olim Dan Shextman bilan birga Isroilning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Eddi Shapiro, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlantirish vazirining o‘rinbosari Azimjon Nazarov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining o‘rinbosari U. Begimqulovlar ishtirok etishdi.

Ulug‘ olimning institutga tashrifi ham bejiz emas. Keyingi yillarda institutda ta’lim dasturlarini, talabalar hamda professor-o‘qituvchilar tarkibini xorijlik talabalar va mutaxassislar bilan boyitish, ilmiy yo‘nalishdagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish ishlariga katta e’tibor berilayotgani sir emas. Buning natijasi o‘laroq, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba 2020 yil uchun QSning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari universitetlari reytingida qayd etildi. Shuning uchun ham Nobel mukofotining sovrindori o‘z nutqida ta’lim muassasamiz sharafiga iliq dil izhorlarini aytib taklif uchun o‘z minnatdorligini bildirib o‘tdi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, institutning kelajakdagi taraqqiyot strategiyasi hamda faoliyatida muhim yo‘nalishlardan biri sifatida ta’lim, ilmiy-tadqiqot hamda salohiyatni yuksaltirish, rivojlangan mamlakatlardagi ilg‘or oliy ta’lim va ilmiy muassasalar bilan o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan.

Bugungi kunda institutda 464 nafar professor-o‘qituvchilar faoliyat olib bormoqda. Ularning 2 nafari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, 56 nafar fan doktori, professorlar, 184 nafar fan nomzodi va PhD ilmiy darajasiga va dotsent ilmiy unvonlariga ega bo‘lganlar, 221 nafari katta o‘qituvchilar, assistentlardan iborat. Institutning ilmiy salohiyati 52 % ni tashkil etadi.

Institutda 5 ta fundamental, 20 ta amaliy, 2 ta yosh olimlar amaliy hamda 5 ta innovatsion grant loyihalari, 10 dan ortiq soha tashkilotlari bilan tuzilgan ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik hamda xo‘jalik shartnomalari, 60 dan ortiq Davlat byudjeti hisobidan tashabbuskor ilmiy ishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladi.

Institutda deyarli dunyoning barcha qit’alaridagi rivojlangan mamlakatlardagi, xalqaro reyting tizimi doirasida ilg‘or sanalgan qator, respublika va mintaqamizning o‘ziga xos tabiiy-ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarga mutanosib tarzda mo‘ljallangan dasturlarga ega bo‘lgan jami 85 ta oliy ta’lim va ilmiy muassalalar bilan turli platformalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishda Yevropa Ittifoqining Erazmus Mundus hamda Erazmus+ dasturlari, AQShnning YuSAID tashkiloti, Germaniyaning GIZ, Shveysariyaning xalqaro hamkorlik tashkiloti, O‘zbekistonning "El-yurt umidi" jamg‘armasi kabi turli tashkilotlar tomonidan yaratilgan platformalardan keng foydalanilmoqda.

Shu bilan birga Germaniyaning Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi (ZALF), Germaniyaning Leybnis O‘tish davri iqtisodiyoti mamlakatlarida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish instituti (IAMO), Birlashgan millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturi (UNDP), Germaniyaning GIZ tashkiloti mustahkam hamorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Institutda YuNESKOning "Suv diplomatiyasi, suv resurslarini boshqarish va atrof muxit muhofazasi" kafedrasi tashkil etilgan va soxalararo platforma sifatida faoliyat yuritmoqda, uning maxsus laboratoriyasi barpo etilmoqda. Shuningdek, institutda Shvesiya Qirollik universiteti bilan xamkorlikda "Geoinformatika" markazi, AQShning John Deer va Rossiyaning Rosselmash kompaniyalarining maxsus markaz va sinflari tashkil etilgani halqaro hamkorlik ko‘lami kengligini ko‘rsatib turibdi.

Bugungi kunda institutda tayyorlov kursini qo‘shib hisoblaganda 30 dan ortiq xorijlik talabalar tahsil olishmoqda. Institut faoliyatiga 14 nafar xorijlik professor-o‘qituvchilar jalb qilingan.

Mazkur yutuqlarning uzviy davomi sifatida bugun institutga “Texnion” Isroil texnologiya instituti professori, kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureati Dan Shextman taklif etildi. Olim “kvazikristal”larni kashf etgani bois 2011 yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq topilgan. Shuningdek, professor D.Shextman Isroil Fanlar akademiyasi, AQSh milliy texnik akademiyasi hamda Yevropa fanlar akademiyasi a’zoligiga saylangan.

Institutda o‘tkazilayotgan bugungi tadbir olim bilan o‘zaro do‘stona va ijodiy muloqot tarzida kechdi. Professor-o‘qituvchilar va talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘laqonli javob oldilar. Tadbir nihoyasida institut rektori O‘.Umurzakov xalqaro maydondagi nufuzli mehmon Dan Shextmanga hamda ular bilan tashrif buyurgan Isroilning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Eddi Shapiro janoblariga esdalik sovg‘alari va nishonlarni taqdim etdilar. Ayni paytda Dan Shextmanga institutning faxriy professori unvoni taqdim etilganda gulduros qarsaklar yangradi.

Mazkur uchrashuv “O‘zbekiston 24” hamda “Yoshlar” telekanallari orqali yoritildi.

Institut matbuot xizmati rahbari Rahimboy Jumaniyozov