Tabiat muzeyiga tashrif
GTQ fakulteti 211 - guruh talabalari 2018 yilning 29 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tasarrufidagi Oʻzbekiston Davlat tabiat muzeyiga tashrif buyurishdi. Tabiat muzeyi — eng keksa, ilmiy-maʼrifiy muassasa hisoblanadi. U 1876 yil 12 iyulda tashkil etilgan. Markaziy Osiyoda birinchilardan boʻlib faoliyat yurita boshlagan muzeylardan biri Oʻzbekiston Davlat tabiat muzeyidir. Muzeyning tarixi asosan oʻlkashunos olimlar va sayohatchilar bilan bogʻliq. 1870 yilning oxirlarida Toshkent shahrida tuzilgan “Tabiatshunoslik, antropologiya va etnografiya bilan qiziquvchilar jamiyati”ning Turkiston boʻlimi aʼzolari, oʻlkashunos olim-sayohatchilar, zoologlar, tarixchi va boshqalar tomonidan Markaziy Osiyo hududlarida bir qator ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish natijasida yigʻilgan ilmiy kolleksiyalarni saqlash, ularni oʻrganish va keng ommaga tanishtirish maqsadida muzey tashkil etish gʻoyasi ilgari surildi. Keyinchalik ushbu gʻoya va takliflar muzeyning tashkil etilishi uchun asos boʻldi va 1876 yil 12 iyulda Toshkent shahridagi Ipakchilik maktabi qoshida “Toshkent muzeyi” rasmiy ravishda oʻz faoliyatini boshladi. Muzey tashrif buyuruvchilarni Turkiston tabiati, tabiiy boyliklari va shu oʻlkada yashovchi xalqlarning turmush tarzi bilan tanishtirar edi. 1876 yilning oxiriga borib muzeyda 1400 dan ortiq eksponat mavjud boʻlgan.Ushbu muzey 1918 yildan Oʻrta Osiyo davlat universiteti qoshida “Turkiston xalq muzeyi” nomi bilan faoliyat yurita boshladi. 1921 yilda esa muassasa “Muzey va qadimgi yodgorliklarni saqlash, sanʼat va tabiat ishlari boʻyicha qoʻmita” tasarrufiga oʻtkazilib, “Oʻrta Osiyo bosh muzeyi” nomini oldi. 1930 yilda muzeyning tabiat boʻlimlari, Qishloq xoʻjalik muzeyi hamda Zoologiya bogʻi bilan birlashtirilib, “Oʻrta Osiyo tabiat muzeyi va ishlab chiqarish kuchlari ” nomini oldi. 1935 yil yanvar oyida bu birlashmaning tabiat shoʻbasi “Oʻzbekiston Davlat tabiat muzeyi”ga aylantirildi.
Muzeyda quyidagi 4 boʻlim faoliyat koʻrsatadi: flora-fauna boʻlimi, geologiya-geografiya boʻlimi, ilmiy-maʼrifat boʻlimi, fond boʻlimi. Oʻzbekiston Davlat tabiat muzeyi Oʻzbekistondagi muzeylar ichida birinchi boʻlib tabiatni namoyish qilishning landshaft usulini ishlab chiqdi av oʻz ekspozitsiyalarida amalga oshirdi. Bu usul tabiat hodisalarini oʻzaro bogʻliqligi toʻgʻrisida yaqqol tasavvur beradi. Muzey fondida 400 mingdan ortiq namuna bor: shu jumladan, 300 mingdan ortiq hasharotni oʻz ichiga olgan Oʻrta Osiyoda eng yirik entomologiya fondi, umurtqali hayvonlarning 4000 ga yaqin tulumlari va shu qatorda 500 ta namunadan iborat Oologiya (tuxumlar) kolleksiyasi mavjud, ming varaq gerbariydan iborat botanika fondi hamda zoologiya va geografiya materiallari faqatgina Oʻzbekiston olimlari oʻrtasida emas, balki Mustaqil Hamdoʻstlik Mamlakatlarida ham mashhur. Muzeyga tashrif gʻoyat qiziqarli boʻldi fan oʻqituvchisi hamda talabalar muzeyning yoshlarni tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalashda ulkan hissasi borligini eʼtirof etishdi.
“Tuproqshunoslik va dehqonchilik” kafedrasi kafedrasi katta oʻqituvchisi D. Alikariyeva axboroti
Institut matbuot kotibi Rahimboy Jumaniyozov