Janggohlardagi jasorat
Har bir davrning bashariyat oldiga qo‘yadigan sinovlari bo‘lishi muqarrar. Bu ijtimoiy ofat sifatidagi urushlar, jangu jadallar yoxud tabiiy ofat sifatidagi suv toshqini-yu, zilzilalardir. Xalqimiz har ikkalasining ham shohidi bo‘lgan. U aql kuchi, qat’iy iroda, sabot va matonat bilan bunday sinov dovonlaridan oshib o‘tishga muvaffaq bo‘lishgan. Ana shu suronli va sinovli davrlar beixtiyor yodga olinadi. Xalqimizning asl farzandlari, mard o‘g‘lonlari janggohlarda chinakam matonat namunalarini ko‘rsatganlar. Fidoyi va elsevar, sadoqatli xotin-qizlarimiz ham bu jangovar harakatlardan chetda turgani yo‘q. Ularning ichki va tashqi frontdagi jasoratlari mangulikka muhrlangan. Mamlakat ichida tortilgan zahmat va mashaqqatli jarayonlarni tasavvur qilmaslik aslo, mumkin emas. Bularning hammasi ajdodlarning avlodlar oldidagi qarzdorlik va burchdorlik hissi bilan bog‘liq. Bu esa xotira va qadrlash tuyg‘usiga e’tiborni kuchaytirishi tayin. Inson xotira bilan tirik, qadr bilan ulug‘, o‘tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, imoni but yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish tom ma’noda milliy qadriyatga aylandi.
Davlatimiz rahbari rahnamoligida amalga oshirilayotgan bunday xayrli, savobli ishlar ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan ehtiromning bir yorqin ifodasidir. Barcha shahar va tumanlarda, qishloq va mahallalarda urush qatnashchilari va nogironlariga esdalik sovg‘alari va pul mukofotlari tantanali ravishda topshirilishi ham bag‘rikenglik hamda mehridaryolik nishonasidir. Ta’lim muassasamiz rahbariyati va kasaba qo‘mitasi faqat xotira va qadrlash kunidagina emas, balki, bugun safimizda sog‘-salomat hayot kechirayotgan urush qatnashchilarini, nuroniy otaxonlarimizni, barcha-barchasini tez-tez yo‘qlab turishadi. Kuni kecha “Gidrotexnika qurilishi” fakulteti jamoasi Mirzo Ulug‘bek tumani “Nur” mahallasida istiqomat qiluvchi front ortida xizmat qilgan faxriylar A.M.Karasyova, A.I.Marakaev, N.N.Mirtalipova, M.N.Rizaeva, N.I.Slavina, R.Shakirov, Ye.A.Bober va S.P.Vasilenkolarning xonadonlariga tashrif buyurib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 76 yilligi bilan tabriklashgani va ularga institut rektori nomidan sovg‘alar topshirilishi buning yaqqol misolidir. Xuddi shuningdek, Rashid Hakimov rahbarligidagi fakultet jamoasining “Shahrisabz” mahallasida istiqomat qilayotgan g‘alabaga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, front ortida xizmat qilgan bir guruh mehnat faxriylari Axmedov G‘ulom Inomovich, Kulikova Aleksandra Fyodorovna, Salixbaeva Muzas Raximovna, Gulyamov Xalil Sadikovich hamda Dobrinina Olga Yurevnalarning, “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasining bir guruh prof-o‘qituvchilari ham chetda turmasdan Lashkarbegi mahallasida yashovchi 97 yoshli muhtarama ayol, “Ulug‘ vatan” urushi qatnashchisi, qator orden va medallar sohibi, mehnat faxriysi Shevchenko Yekaterina Nikolaevnaning holidan xabar olib sovg‘a salomlar topshirilishi xalqimizga xos mehridaryolikning ifodasidir. Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektor R.K.Choriyev, “Gidromelioratsiya” fakulteti dekani A.M.Fatxulloev boshchiligidagi jamoa Lashkarbegi mahallasida istiqomat qilayotgan sobiq general-mayor Abdullajon Artiqbaev xonadonlarida qilingan tashrif ayricha tarzda kechdi. Har birimizning qalbimizdan sizib chiqqan ushbu misralar tilimizda pichirlagandek go‘yo.
Otalar qoldirgan yurtdir muqaddas,
Tuprog‘ini o‘par mardlar har nafas!
Ajdodlar sha’niga qilaylik ta’zim,
Avlodlar bizlarga qilsinlar havas!
Ana shu an’anaga muvofiq urush qatnashchisi, biz uchun faxrli va qadrli bo‘lgan Artiqboy Abdullajonovning xonadonlaridamiz. Ta’lim muassasamiz atrofidagi mahallalarda istiqomat qiluvchi faxriylar orasida Abdullajon aka faoliyati alohida ajralib turadi. Qirqdan ziyod orden va medallar ko‘ksini bezab turgan fidoyi Vatanparvar Abdullajon aka Artikboev umrining suronli lahzalari muhrlangan albomni varaqlarkan, navqiron yigitlik damlari bir-bir ko‘z o‘ngidan xuddi kino tasmasidagidek o‘ta boshlaydi. Oiladagi sakkiz farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan Abdullajon aka ikkinchi jahon urushi boshlanganida o‘n olti yoshga to‘lmagan o‘spirin yigit edi. 1943 yilning fevralida harbiy xizmatga chaqirilgan yigit frontga yuborish uchun qisqa tayyorgarlik jarayonida komissiya a’zolari nazariga tushadi Undagi bilim, g‘ayrat va shijoat, teran tafakkur, dunyoqarashining kengligi, epchil hamda chapdastligi harbiy bilim yurtiga qabul qilinishiga imkon tug‘diradi.
Hozirgi Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtiga qabul qilinadi va qisqa muddatda uni tugatgach urushga harbiy xizmatga jo‘nab ketadi. U dastavval, Ukrainaga ikkinchi frontga yo‘l oladi. Abdullajon aka Artikboev yarim asrlik umrini tinchlik va sarhadlarning daxlsizligini asrashga baxshida etgan. Undagi shijoat-g‘ayrat birdaniga paydo bo‘lgan emas. Yoshligidan adabiyot va san’atga, she’riyatga bo‘lgan mehr uni hayotga bo‘lgan Vatanga bo‘lgan muhabbat hissini oshirgani rost. Ayniqsa, xalq og‘zaki ijodiyotini berilib maroq bilan o‘qishi uning badiyatni his etish, san’atga bo‘lgan otashin tuyg‘uni qalbida uyg‘onishiga sabab bo‘lgani aniq. Xalq dostonlaridagi Alpomishning shijoatini Go‘ro‘g‘libekning g‘ayrati-yu G‘irotini havas qilib ular kabi o‘z yurtini ko‘z korachig‘idek asrash hissi yoshligidayoq paydo bo‘lgan bo‘lsa ne ajab. Shahzoda aya “Abdullajon akangiz bo‘sh qoldim deguncha qo‘liga kitob oladi, kitob mutolaasini jon dildan suyadi”, - deydilar. Ayniqsa, ularning mumtoz she’riyatga bo‘lgan mehri ustuvor. U Boborahim Mashrab g‘azallarini yoddan biladi. Hozir ham undan istaganingizcha aytib berishi mumkin. Hozirda ham quvvai hofizasi, xotirasi kuchli. U umri mobaynida anglab yetgan haqiqatni shunday e’tirof etadi. “Jonajon Vatan himoyasi mening uchun jon va tan himoyasi kabi aziz va muqaddasdir, bu mening taqdirimga aylangan, qismatim yuz tutgan haqiqatdir”, -deydi u. Umri mobaynida ana shu e’tiqodga sodiq qolgan Abdullajon aka bugun farzand va nevaralari qurshovida Shahzodaxon aya bilan birgalikda umrguzaronlik etib, ularning rohat-farog‘atini, huzur halovatini ko‘rib kelayotgani havasimizni keltirdi. Bugungi kunda o‘zi xizmat qilgan tizim ofitserlari ham kelib ulardan maslahatlar olishadi. Chunki harbiy bilim borasida uncha muncha mutaxassis Abdullajon aka bilan bellasha olmaydi. Afg‘oniston, Xitoy, Eron davlatlari bilan chegaradosh hududlarda xizmatda bo‘lib tizim rahbarlarining ishonchini qozongan ular.
Keyinchalik hamdo‘stlik mamlakatlarida ham o‘z xizmat vazifasini o‘tab e’tiborga, alohida e’tiroflarga sazovor bulgan. Abdulla akaning umrining uzun va sermazmun bo‘lishiga sabab mehribon rafiqani, oqila yelkadoshni topganligidir. Shahzodaxon aya Abdullajon aka bilan juda kup manzillarda birga bo‘lgan. Umri mobaynida xizmat taqozosi bilan o‘n to‘rtta manzilga ko‘chib yurishda dardkash va hamroz bo‘lgani sir emas. Ellik yil ichida ko‘p manzillarga ko‘chganini qaerda bo‘lmasin kitob bilan oshno bo‘lganini qo‘lidan kitob tushmasligini e’tirof etadi. 1948 yilda tuylari bo‘lgan bo‘lsa ana shundan boshlab bir - biriga hamdard, hammaslak bir - birini ko‘z qorachig‘idek qo‘rchilab yurish ularning hayot shioriga aylangan. Odatda harbiy xizmatchilarni buyruq ijrochisi deyishadi. Bu haq gap, chunki Vatan qaerda xizmat qilishni buyursa o‘sha joyda fidokorona va matonat bilan xizmat qilib kelgan Abdullajon aka o‘z ishidan, o‘z kasbidan, o‘z umridan, o‘z oilasidan benihoya mamnun. Ularga nazar tashlay turib yuzlaridagi keksalik nishonasi bo‘lgan ajinlar, ko‘zlarining sal xiralashgani, oyoqdagi og‘riqlar bizning bugungi hayotimiz tarixining ko‘zgusi emasmikan, degan xayolga boramiz. Institutimizning professor o‘qituvchilari har yili qanday bayram bo‘lishidan qat’iy nazar yo‘qlab turishadi. U xuddi yosh bolaga o‘xshab xursand bo‘lib ular bilan uzoq suhbatlashadi va urush tarixi, uz umrining mazmuni bilan bog‘liq qiziqarli hodisalarni aytib, xammani zavq-shavqqa to‘ldiradi. Abdullajon aka dilkash eng muhimi, matonatli, mard inson. Ular xoh urush, xoh mehnat sharoitida bo‘lsin, jasorat zarurligini uqtiradilar. Insonda qat’iy iroda, aniq maqsad bo‘lsa, ko‘p narsaga erishish mumkinligini yoshlarga, nevaralariga nasihat qiladi, maslahat beradi. Bayram arafasida biz Abdullajon akaga sihat salomatlik tilash asnosida hamisha el saodati uchun, barcha yaqinlari baxtiga sog‘u omon bo‘lib yurishlarini istaymiz. Institut rahbariyati tomonidan olib borilgan sovg‘alarni qabul qilib olar ekanlar, ko‘zlarida qalqigan yosh, yuz – ko‘zlarida balqigan nurdan ularning minnatdorchiligini sezmaslik mumkin emas edi. Jasoratga esh bo‘lgan umr, matonatga yo‘g‘rilgan faoliyat insonning xalq ichida aziz va ehtiromli bo‘lishiga mezon ekaniga yana bir karra iqror bo‘ldik.
TIQXMMI matbuot xizmati