Ma'naviyat kodeksi zarurmi

Rahbarning ma'naviyat va ma'rifat masalalariga e'tibori yuqori bo‘lsa, jamoaviy munosabat ham o‘zgacha bo‘ladi. Bu nafaqat ta'lim muassasasiga, balki barcha tashkilotlar faoliyatida ham shu muhit muhim va muqim bo‘lishi kerak. Jamiyatning tanasini iqtisodiyotga, joni va ruhini esa ma'naviyatga qiyos qilgan Davlatimiz rahbaridan ibrat olsa arziydi. Bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan paytlarida ham bu masalaga e'tiborlari yuqori darajada bo‘lgan. Ma'lumki, o‘sha kezlari Respublika Ma'naviyat va maarifat kengashining raisi edilar. Prezident sifatida o‘z faoliyatlarini boshlagan paytlarida ham bu vazifaga jiddiy qarash asnosida xuddi shu Kengashning raisi sifatida qator islohotlarni amalga oshirmoqdalar. Bu borada qilingan qator ishlar borasida o‘qishni tavsiya qilayotganimiz "Yangi O'zbekiston" gazetasining 7 - oktabr sonida bosilgan "Ma'naviy-ma'rifiy yuksalish strategiyasi" nomli maqolada mufassal ifoda etilgan. Maqola muallifi, institut prorektori R.Choriyev millatimiz sardori Shavkat Mirziyoyevning strategik siyosatiga tayangan holda, ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish borasida bir nechta takliflar bildirgani e'tiborga molik. "O'zbekiston Respublikasining ma'naviyat sohasidagi davlat siyosati to‘g‘risida"gi qonunini ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish, O'zbekistonning 2022-2032 yillarga mo‘ljallangan ma'nafiy-ma'ritiy tarqqiyot strategiyasini ishlab chiqish hamda uni davlat siyosatining tarkibiy qismiga aylantirish, O'zbekiston jamiyatining ma'naviyat kodeksini, Aholi orasida ma'naviy-ma'rifiy ishlar tiimini yanada optimallashtirish bo‘yicha harakatlar dasturini ishlab chiqish bilan bog‘liq mulohazalar nihoyatda o‘rinlidir.

Shuningdek, "Yangi O'zbekiston strtegiyasi" nomli  kengqamrovli o‘quv-uslubiy va innovatsion ta'lim-tarbiya moduli loyihasini ishlab chiqish va uni tizimli amalga oshirish borasidagi takliflari ham mohiyat e'tibori bilan ahamiyatlidir. Shu o‘rinda bir narsani alohida ta'kidlash o‘rinlidir. Bu yuqoridagi vazifa va masalalar bo‘yicha targ‘ibot va tashviqotning sifati, samarasi va natijadorligi muammosidir. Targ‘ibotning ta'sirchanligi masalasini uddasidan chiqa oladigan, bilimli va uquvli, bu jiddiy vazifaga qobil voizlar guruhini to‘la shakllantirish kerak. Bu vazifani shunchaki qog‘oz to‘ldirish uchun, nomigagina bajarish uchun emas, balki, bu ish fidoyi bo‘lgan mahoratli voizlar zimmasiga yuklansagina natija berishini yoddan chiqazmaslik kerak. Noqobil targ‘ibotchi  vazifani sifatli va samarali bajara olmagani yetmaganidek, keng jamoatchilik ommasini maqsadli va istiqbolli harakatdan bezdirishi, hafsalasini pir qilishi mumkin. Bu esa beixtiyor Vernerning qonuniyatini yodga soladi. "Harakatning qiymati nulga teng bo‘ladi, qachonki, u ehtiyoj bo‘lmagan joyda, noqobil, uquvsiz kishiga topshirilsa, u besamar bo‘libgina qolmasdan, balki teskari proporsional natija ham berishi mumkin." Demak, targ‘ibot va tashviqotning samarali mexanizmi yuksak bilim, tajriba va til taktikasi bilandir.  Kodeks so‘zida qonuniylik, majburiylik, burchdorlik prinsipi bor. "Jinoyat kodeksi" va "Saylov kodeksi"da ham  bu yaqqol o‘zining ifodasini topgan. Demak, Ma'naviyatga nisbatan ham buni qo‘llash zaruriyatini zamonning o‘zi taqozo etmoqda. "Ma'naviyat kodeksi"  o‘zligimizni anglash, vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini, oila va mahalla qayg‘usi, fuqarolik burchini shakllantirishni taqozo etadi. Bu esa tahlikali zamonda, kelajak bunyodkori bo‘lgan yoshlar ongiga turli axborot xurujlari uyushtirilayotgan ayni davrda katta mohiyat kasb etadi. Barchaga yuqorida nomi qayd etilgan maqolani sinchiklab o‘qish zarurligini tavsiya etamiz.

 

 

                              TIQXMMI  matbuot xizmati