Talabalikka bag‘ishlov tantanali tarzda o‘tkazildi
Mustaqil davlatimizning barqarorligi, uchinchi Renessansning tamal toshi mustahkam bilimi va innovatsion ixtirosi, intellektual salohiyati bilan ajralib turuvchi yoshlarning ong-u shuuri, tafakkur olami, dunyoqarashi bilan bog‘liqligi ayon. Shuning uchun ham muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Yoshlar kelajagi bilan bog‘liq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga ega” - deyishlari bejiz emas. Mamlakatimizda yoshlarning ta’lim va tarbiyasiga, ularning har tomonlama mukammal va barkamol bo‘lib yetishishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, imtiyoz va imkoniyatlar xuddi shu maqsadga qaratilgandir.
Talabalikning ilk bosqichini, o‘qishga qabul qilingan va talabalik guvohnomasini qo‘lga olgan kunni hech kim unutmasa kerak. Abiturientlik paytida talaba bo‘larmikanman, o‘qishga kirish menga nasib etarmikan degan xayol band etgani aniq. Bugun o‘z bilimi va iqtidoriga ishongan yoshlarning aksariyati, talabalar safida yorug‘ yuz va quvonchli tabassum bilan turishibdi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida o‘tkazilgan “Talabalikka bag‘ishlov” tadbiri xuddi shunday ruhda tashkil etildi.
Unda talabalikka qabul qilingan yoshlar va institut prorektorlari, fakultet dekanlari, bo‘lim boshliqlari hamda professor o‘qituvchilardan tashqari hurmatli ota-onalar, bir qator nufuzli mehmonlar, bir paytlari ushbu ta’lim muassasasini bitkazib bugungi kunda e’tiborga molik mas’ul vazifalarda ishlab kelayotgan sobiq, ayni paytda sodiq rahbarlar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida institutning Birinchi prorektori, professor Bahodir Mirzaev o‘z tabrigi bilan chiqdi. Jumladan, mamlakatimizda yoshlarning ta’lim va tarbiyasiga, ularning har tomonlama mukammal va barkamol bo‘lib etishishlari uchun yaratilayotgan sharoitlar, imtiyoz va imkoniyatlar haqida, dunyo universitetlari ichida yuqori reyting ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan ta’lim muassasamizda yaqin uch yilning ichida har yili prezident stipendiyasi sovrindorlaridan uch-to‘rttasi aynan ushbu ta’lim muassasamizdan chiqqani borasida ham to‘xtalib o‘tdi.
Institutimizda Abdulla Oripov hayoti va ijodiyotini targ‘ib qilishga qaratilgan sa’yi harakatimizning samarasi o‘laroq, ulug‘ shoirimizning nomi bilan bog‘liq “Yoshlar bog‘i”, Muzey, Stipendiya va Ko‘krak nishoni joriy etilgani xususida ham so‘z yuritdi. Keyin ta’lim muassasasi tarkibidagi tadbirda qatnashayotgan mas’ul va mutasaddi rahbarlar bilan tanishtirib o‘tdi.
Tadbirda O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o'rinbosari talabalarga murojaat ohangida o‘z mulohazalarini bildirdi. Yoshlar uchun motivatsion ruh bag‘ishlabgina qolmasdan, bugun tashlagan qadamlari ertaga ularning kelajakdagi karerasi hamda istiqbolli maqsadlari uchun zamin hozirlashini anglab etishdi. Yangi o‘quv yili oldidan uyushtirilgan ushbu tadbir yoshlardagina emas, balki boshqa ishtirokchilarda ham iliq taassurot qoldirdi. So‘ngra iqtidorli talabalar tomonidan tayyorlangan qo‘shiq, raqs, she’rxonlik singari badiiy chiqishlardan tarkib topgan ma’rifiy dastur namoyish etildi.
TIQXMMI matbuot xizmati