"Yangi Oʼzbekiston - yangicha dunyoqarash" shiori ostida tadbir bo'lib o'tdi
Zamon va makonlarni bogʼlab turadigan gʼoyalar zahmatkash xalq tarixi va taqdirining taqozosi. Zeroki, insoniyat tarixi gʼoyalarning kurashi tarixidan iborat. Yurt ishqi va vatanga boʼlgan muhabbat tuygʼusiga monand Vataniy ish vataniy ishq bilan yoʼgʼrilsa, maqsad chinakam maʼnoda roʼyobga chiqadi. Bu esa olib borilayotgan siyosat va islohotlarning mazmun mohiyatini keng jamoatchilikka singdirish bilan chambarchas bogʼliq. Bir biri bilan oʼzaro bogʼlangan ikkita muhim harakat bugungi hayotimiz yoʼllanmasi va taraqqiyotimiz qoʼllanmasidir. Bu Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan 2017-2021- yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha harakatlar strategiyasi hamda yoshlarni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ularning axborot texnologiyalaridan foydalanish koʼnikmalarini shakllantirish, kitobxonlikni targʼib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirishga qaratilgan 5 ta muhim tashabbuslaridir.
Ushbu ikkita mezon doirasida xalq manfaatlariga qaratilgan keng qamrovli islohotlarning mohiyatini omma ongiga jo etish yirik maʼrifatparvar adib Ishoqxon toʼra Ibrat iborasi bilan aytganda, "vataniy ish"dir. Xuddi shu maqsadda targʼibot tadbirlarini mahallalar boʼyicha oʼtkazish, aholi kayfiyatini koʼtarish maqsadida “Yangi Oʼzbekiston – yangicha dunyoqarash” maʼnaviy-maʼrifiy targʼibot tadbirlari tashkil etildi. Targʼibot tadbirlarini yil davomida oʼtkazish boʼyicha tashkiliy qoʼmita va Respublika shtabi hamda uning yetti yoʼnalishi boʼyicha ishchi guruhi tuzilib ish boshlagani eʼtiborga molik. Bugungi kunda ular targʼibot guruhlari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish, targʼibot materiallarini tayyorlash va yetkazish, oliy taʼlim muassasalari tomonidan mahallalarda targʼibot ishlarini tizimli olib borish kabi vazifalar bilan mashgʼul. Fan, madaniyat va sanʼat arboblari, siyosatshunos, psixologlardan iborat bir guruh ziyolilardan tarkib topgan 14 ta hududiy targʼibot guruhi sohaviy yoʼnalishlar boʼyicha oʼz faoliyatini boshladi. “Nuroniy” jamgʼarmasi respublika boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Respublika shtabi rahbari Sodiqjon Turdievning taʼkidlashicha, targʼibotchilar 9 ming 150 dan ortiq mahallaga kirish asnosida mamlakatimiz va jahonda boʼlayotgan turli jarayonlar borasida taʼsirchan shakllarda targʼibotni amalga oshiradilar. Аsosiy maqsad aholining kayfiyatini koʼtarish, ularda islohotlarga va vatan taqdiriga daxldorlik tuygʼusini mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga mehr hissini oshirishdir.
Kuni kecha Toshkent viloyati Oʼrta Chirchiq tumani mehnatkashlari bilan Qumovuldagi madaniyat saroyida oʼtkazilgan "Yangi Oʼzbekiston - yangicha dunyoqarash" shiori ostidagi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda yuqoridagi mulohazalarning tajassumini koʼrdik. Bu borada Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʼjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti professor oʼqituvchilari jamoasining roli va ishtiroki katta boʼldi. Tadbirda jonli suhbat-maʼruzadan soʼng sanʼatkorlarning musiqiy chiqishlari, yosh sportchilarning amaliy mashqlari, oʼquvchilarning vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlari, viktorina oʼyinlari gʼoliblariga turli sovgʼalar taqdim etish davraga fayz va tarovat baxsh etdi. Samarali faoliyatning natijasi sifatida Toshkent viloyatining yangi poytaxti - Nurafshon shahrining paydo boʼlishi va uni Oʼzbekistondagi birinchi "aqlli shahar" deya eʼtirof etilgani tadbir ishtirokchilarini ruhlantirgani rost.
Prezidentimizning 2020 -yildagi parlamentga Murojaatnomasi hamda Oʼqituvchi va murabbiylar kuniga bagʼishlangan tantanali marosimdagi nutqi va uning mazmun-mohiyatining tahlil etib berilishi, “Konstitutsiya – xalq farovonligi va yurt tinchligi”, “Yangi Oʼzbekiston – yangi taraqqiyot bosqichida”, “Xotin-qizlarni ijtimoiylashtirish va ularni faollashtirish”, “Yoshlarni ijtimoiy faollashtirishga innovatsion yondashuv” kabi mavzularidagi maʼruzalar mutasaddi olimlar tomonidan muntazam ravishda yoritib borilishi alohida uqtirildi. Eng muhimi, tadbir jonli va joʼshqin tarzda oʼtdi.
TIQXMMI matbuot xizmati