Institutga ilk qadam
Bilimini sinovdan o‘tkazib, muvaffaqiyat qozonib o‘ziga va intellektual salohiyatiga ishonch bilan ta’lim muassasasiga qadam qo‘yish, talaba bo‘lish ham ulkan yutuq. Har bir davlatning istiqboli, xalqining iqboli, yorug‘ kelajagi muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev iborasi bilan aytganda, “ertangi kunning hal qiluvchi kuchi va tayanchi, kelajak bunyodkori” bo‘lgan yoshlarga bog‘liqekan, chinakam bilim va iste’dodning saralanishi katta ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda yoshlarning ta’lim va tarbiyasiga, ularning har tomonlama mukammal va barkamol bo‘lib etishishlari uchun keng sharoitlar, imkoniyat hamda imtiyozlar yaratilgan va yaratilmoqda. Mustaqil davlatimizning barqarorligi, xalqaro maydondagi nufuzi ham mustahkam bilimi va innovatsion ixtirosi, intellektual salohiyati bilan ajralib turuvchi yoshlarning ongu shuuri, tafakkur olami, dunyoqarashini o‘stirishga daxldorligini davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Markaziy Osiyoda katta nufuzga ega bo‘lgan Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga ilk qadamini qo‘yib birinchi kurs talabasi degan sharafga ega bo‘lgan yoshlarimizni qutlash maqsadida 2020 yil 12 oktyabr kuni soat 11:00 da institut rahbariyati va birinchi bosqich talabalari bilan onlayn uchrashuv hamda birinchi kurs maktabi ochilish tadbiri tashkil etildi. Tadbirning moderatori sifatida institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ruzimurat Choriyev olib bordi. Dastlabki so‘z institut rektori, professor Umurzakov O‘ktam Pardayevichga berildi. Ular tashlangan ilk qadamning xosiyati haqida so‘z yuritib, ta’lim muassasasida dars beradigan professor-o‘qituvchilarning ma’ruzalari va topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarib borgan a’lochi talaba institut iftixoriga aylanishini qayd etdilar. So‘ngra birinchi bosqich talabalariga institut rahbariyatini tanishtirdilar.
Onlayn uchrashuvda barcha prorektorlar, bo‘lim va markaz boshliqlari, fakultet dekanlari, dekan muovinlari, jamoat tashkilotlari rahbarlari hamda barcha birinchi bosqich talabalari, ularning oila a’zolari, bir so‘z bilan aytganda, mingdan ziyod ishtirokchilar qatnashishdi. Hozirgi kunda institutimizda ham ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, o‘quv jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, jahondagi ilg‘or oliy ta’lim muassasalari bilan ikki tomonlama diplom dasturini amalga oshirish, hamkorlikda ilmiy pedagogik kadrlarni tayyorlash tizimi izchillik bilan yo‘lga qo‘yib borilayotgani, bu esa innovatsion hamkorlik va investitsion faoliyatlarda o‘zining ijobiy natijalarini berayotgani borasida so‘z bordi.
Institutda YAponiya, Xitoy, Germaniya, Koreya, Rossiya, AQSH, Vengriya, Turkiya kabi xorijiy davlatlarning fan-ta’lim mutaxassislari ishtirokida xalqaro konferensiyalarning o‘tkazib turilishi qishloq xo‘jaligi va irrigatsiya sohasining taraqqiyotini ilm bilan bog‘lab o‘rgangan izlanuvchan, intellektual salohiyatli talabalarga keng imkoniyat va imtiyozlar borligi ham qayd etildi. Tadbir davomida institut hayoti bilan bog‘ilq videoroliklar namoyish etildi. Onlayn uchrashuv mazmunli tarzda o‘tgani bilan xarakterlandi.
TIQXMMI matbuot xizmati