Kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar ijrosi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-avgustidagi Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida suv resurslaridan samarali foydalanish va yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi PQ-4801 sonli qarorlari doirasida rejalashtirilgan ishlar keng ko‘lamda, tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Mazkur qarorda keltirilgan vazifalarni amalaga oshirish, irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlarining loyiha smeta hujjatlarini o‘rganish, iqtisodiy samarador yechimlari bo‘yicha tavsiyalar berish, qurilish va rekonstruksiya qilish jarayonlarida kuzatuvlar olib borish, yuzaga kelgan muammolarni yechishda ilmiy asoslangan tavsiyalar berish bo‘yicha Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, “Sirdaryosuvqurilishinvest” va “Jizzaxsuvqurilishinvest” Davlat unitar korxonalari bilan shartnomalar imzolangan. Institutning professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar, doktorantlar, magistrantlar hamda iqtidorli talabalar ushbu loyiha doirasida ishtirok etmoqdalar. “Gidravlika va gidroinformatika” kafedrasi professor o‘qituvchilari va doktorantlar ob’ektdagi qurilish ishlarini kuzatish, qurilish jarayonida yuzaga kelayotgan mavjud muammo va kamchiliklarini o‘rganish, mavjud muammolar yuzasidan ilmiy asoslangan xulosa va tavsiyalar ishlab chiqish maqsadida Sirdaryo viloyatiga 2021 yilning 10-11 sentyabr kunlari navbatdagi tashrifini amalga oshirdilar.
Tashrif davomida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanidagi “P-8r-2” kanalining rekonstruksiya ishlari amalga oshirilayotgan uchastkasida, Mirzobod tumanidagi sug‘orish tarmoqlarida D3-10, D3-5-20, Sardoba tumanidagi “Yur-17-13”, “Yur-17-15A”, “Yur-17-7”, “5A-X-3”, “5-U-2-1”, “5-U-12”, “5A-U-7”, “5A-U-9-1”, “5A-U-9-1-1” sug‘orish tarmoqlarida kuzatuv ishlarini olib bordilar. Kuzatuvlar jarayonida “Sirdaryosuvqurilishinvest” Davlat unitar korxonasi bosh muhandisi S.Jalilov va bir qator ob’ektning texnik nazoratchilari ishtirok etdilar. Uchrashuv jarayonida kafedra professor o‘qituvchilari tomonidan quruvchi pudratchilarga kanallar o‘zanida yuz beradigan deformatsiya jarayonlari sabablari, loyqa bosish xavfi, yuvilish jarayonlari, gidravlik va iqtisodiy samarador kesimlarni asoslash bo‘yicha nazariy tushunchalar berildi.
TIQXMMI matbuot xizmati